Bekobodda innovatsion yoshlar IT markazi ochildi

2026-yilning 7-mart kuni Toshkent viloyatining Bekobod tumanida “Bekobod innovatsion yoshlar IT markazi”ning ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Ochilish marosimida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Bekobod tumani hokimi Zaynilobiddin Nizomiddinov, IT Park Uzbekistan Kuzatuv kengashi raisi Farhod Ibragimov va bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov, Toshkent viloyati hokimligi mutasaddilari va faol yoshlar, xorijiy mehmonlar, jumladan, AQShning Silk Road Professionals kompaniyasi rahbari Jeyms Vanger ham ishtirok etdilar.

Tadbir davomida yoshlar uchun IT savodxonligi, robototexnika, innovatsion g‘oyalarni shakllantirish hamda startap loyihalarni taqdim etish bo‘yicha interaktiv uchrashuvlar tashkil etildi. Ishtirokchilarga startap ekotizimi qanday ishlashi, innovatsion g‘oyalarni rivojlantirish bosqichlari va IT sohasida o‘z faoliyatini boshlash imkoniyatlari haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi.

Tadbir doirasida IT Park Toshkent viloyati filiali tomonidan yo‘lga qo‘yilgan startap inkubatsiya dasturi ishtirokchilari ham o‘z loyihalarini taqdim etdi. Pitch sessiya davomida Joymee, Med Mopp, USD System, Agro Trade, Orzu Reja kabi bir qator  startap g‘oyalari taqdim qilindi.

Shuningdek, inkubatsiya dasturini muvaffaqiyatli yakunlagan startap asoschilari tadbir davomida taqdirlanib, ularga sertifikatlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Yangi tashkil etilgan markazda dasturlash asoslari, IT uchun ingliz tili, kompyuter savodxonligi, robototexnika, startap va innovatsion tadbirkorlik asoslari yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv kurslarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Kelgusida ushbu markaz negizida IT kompaniyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, IT eksportini rivojlantirish hamda mahalliy yosh mutaxassislarni xalqaro IT bozori uchun tayyorlash rejalashtirilmoqda.

 

2026-03-11