IT Park Uzbekistan vakillari 6–8-oktabr kunlari Ruminiyaning Buxarest shahrida bo‘lib o‘tgan How to Web Conference 2026 xalqaro texnologiya konferensiyasida ishtirok etdi. Biznes tashrif doirasida yangi bozorlarga chiqish va biznesni rivojlantirish imkoniyatlariga qiziqish bildirgan xalqaro IT-kompaniyalar, startaplar hamda texnologik tashkilotlar bilan qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Muzokaralarda Yevropa kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirishi, IT-autsorsing, raqamli ta’lim, logistika va sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, xorijiy hamkorlarga mamlakatning kadrlar salohiyati va texnologik biznes yuritish uchun yaratilgan sharoitlar taqdim etildi.
Yevropa kompaniyalari O‘zbekiston bozori imkoniyatlarini o‘rganmoqda
Tashrif davomida texnologiya sanoatining turli yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi Airvolt, Helix Logistics, Ascendia, DB Cargo Romania va Dvloper.io kompaniyalari bilan muzokaralar olib borildi.
Aqlli shaharlar va intellektual shahar infratuzilmasi uchun yechimlar ishlab chiqishga ixtisoslashgan Airvolt kompaniyasi IT Park Uzbekistan imkoniyatlariga qiziqish bildirdi. Kompaniya vakillari mahalliy bozorni batafsil o‘rganish va potensial hamkorlar bilan uchrashish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Logistika, moliya, avtomobil sanoati va elektromobillik sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalar guruhi — Helix Logistics vakillari bilan biznesni xalqaro miqyosda rivojlantirish va yangi bozorlarga chiqish istiqbollari muhokama qilindi.
Raqamli ta’lim yo‘nalishiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ushbu sohada 19 yildan ortiq tajribaga ega Ruminiyaning Ascendia EdTech-kompaniyasi bilan uchrashuvda uning O‘zbekiston bozoriga kirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Kompaniya ta’lim platformalari, LMS tizimlari va interaktiv kontent ishlab chiqishga ixtisoslashgan. Ascendia vakillari mahalliy IT-ekotizimni yanada chuqurroq o‘rganish va biznes hamkorlarni izlashga qiziqish bildirdi.
Logistikani raqamlashtirish va IT-autsorsing Deutsche Bahn guruhi tarkibiga kiruvchi DB Cargo Romania kompaniyasi bilan muzokaralarning asosiy mavzulari bo‘ldi. Uchrashuvda kompaniyaning savdo va marketing yo‘nalishi rahbari Dan Toma ishtirok etdi. Muzokaralar yakunida DB Cargo Romania vakili IT Park Uzbekistan haqidagi ma’lumotlarni keyingi ko‘rib chiqish uchun tegishli bo‘linmalarga yetkazishga tayyorligini bildirdi.
Korporativ dasturiy ta’minot, bulutli texnologiyalar, DevOps, sun’iy intellekt va platforma injiniringi yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi Dvloper.io kompaniyasi bilan uchrashuv O‘zbekistonning kadrlar salohiyatiga bag‘ishlandi. Kompaniya o‘z loyihalarini amalga oshirishga malakali o‘zbekistonlik IT-mutaxassislarni jalb qilish imkoniyatlariga qiziqish bildirdi.
How to Web Conference 2026 konferensiyasidagi ishtirok xalqaro startap hamjamiyati va texnologik tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotlar bilan yangi aloqalar o‘rnatish imkonini berdi.
IT Park Uzbekistan vakillari Cardneto, Genroks, HyperBUNKER, cyber_Folks va Naratix bilan uchrashuvlar o‘tkazib, O‘zbekiston IT-ekotizimi bilan hamkorlik qilish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Bundan tashqari, Ruminiyada dastlabki bosqichdagi startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Innovation Labs dasturi hamda dasturiy kodni tahlil qilish, auditdan o‘tkazish va zaifliklarni aniqlash uchun sun’iy intellektga asoslangan yechimlar ishlab chiquvchi AiSafe kompaniyasi bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarning yana bir muhim yo‘nalishi o‘zbekistonlik startaplarning AQSh bozoriga chiqishini qo‘llab-quvvatlash bo‘ldi. Xususan, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish, buxgalteriya va yuridik xizmatlar ko‘rsatuvchi Tukel Accounting bilan mahalliy tadbirkorlarning xalqaro miqyosda kengayishiga ko‘maklashish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Tomonlar muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.
Tashrif doirasida Moldova Innovation Technology Park (MITP) rezidenti bo‘lgan kompaniya vakili bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. Unda IT-ekotizimlarni rivojlantirish va texnologik biznesni qo‘llab-quvvatlash borasida tajriba almashildi.
Uchrashuvlar natijasida qator xorijiy kompaniyalar O‘zbekiston bozorini o‘rganish, mahalliy IT-mutaxassislarni jalb qilish va hamkorlar izlashga qiziqish bildirdi. Keyingi qadamlar sifatida biznes tashriflar tashkil etish, qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish ko‘zda tutilmoqda.
How to Web Conference 2026 konferensiyasidagi ishtirok IT Park Uzbekistan’ga mamlakat IT-sanoati salohiyatini xalqaro texnologik hamjamiyatga namoyish etish, yangi biznes aloqalarini o‘rnatish va Yevropa kompaniyalari bilan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash imkonini berdi.
O‘rnatilgan aloqalar O‘zbekistonga xorijiy texnologik kompaniyalarni jalb qilish, IT-xizmatlar eksportini kengaytirish hamda mahalliy mutaxassislar va startaplarning xalqaro bozorlarga chiqishi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
2026-10-12