IT Park hududiy filiallari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari Prezident huzuridagi Akademiyada malaka oshirdi

O‘tgan hafta IT Park Uzbekistan hududiy filiallari rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida “Zamonaviy boshqaruv” malaka oshirish kursida ishtirok etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi tufayli hududlarni rivojlantirish va kadrlar salohiyatini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar doirasida IT Park Uzbekistan hududiy filiallar rahbarlarining boshqaruv kompetensiyalarini tizimli ravishda rivojlantirib bormoqda.

Ishtirokchilar samarali ish jarayonini tashkil etish va boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun zarur bo‘lgan dolzarb mavzular hamda amaliy vositalarni qamrab olgan kursni o‘tdilar.

Kursni shakllantirish jarayonida IT Park bir qator ustuvor yo‘nalishlarni belgiladi. Ular orasida strategik rejalashtirish, davlat boshqaruvi asoslari, loyihalarni boshqarish, KPI asosida natijadorlikni baholash, jamoani boshqarish, samarali kommunikatsiya va investorlar bilan muzokaralar olib borish kabi mavzular o‘rin oldi.

O‘quv dasturi doirasida ishtirokchilar liderlik, strategik fikrlash, tizimli tahlil va boshqaruv qarorlarini qabul qilishning zamonaviy yondashuvlarini o‘rgandilar. Alohida mashg‘ulotlar vaqtdan samarali foydalanish, inson resurslarini boshqarish va natijador jamoalarni shakllantirishga bag‘ishlandi.

Shuningdek, kommunikatsiya va muzokara ko‘nikmalarini rivojlantirish, nizoli vaziyatlarni hal etish, mediasavodxonlik va notiqlik mahoratiga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar biznes uchrashuvlari, brifing va yig‘ilishlarni tashkil etish, shuningdek, protokol va ishbilarmonlik etiketi qoidalarini ham ko‘rib chiqdilar.

IT Park’da boshqaruv kadrlarining professional madaniyatiga, jumladan, ishbilarmonlik va diplomatik protokol, etiket hamda madaniyatlararo kommunikatsiya tamoyillarini bilishga ham alohida e’tibor beriladi. Bu ko‘nikmalar xorijiy hamkorlar, investorlar va xalqaro delegatsiyalar bilan ishlashda, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega. 

Kursning alohida bloki o‘zgaruvchan sharoitlarda ishlash va zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini joriy etishga bag‘ishlandi. 

Rahbarlar Agile va Lean tamoyillari, innovatsion fikrlashni rivojlantirish vositalari, shuningdek, Big Data va sun’iy intellektdan boshqaruv hamda qaror qabul qilish jarayonlarida foydalanish imkoniyatlari bilan tanishdilar.

Bugungi kunda IT Park Uzbekistan hududiy tarmog‘i 14 ta filialni: mamlakatning 13 ta viloyatidagi filiallar va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi filialni birlashtiradi. Ularning asosiy vazifalari hududlarda IT sohasini rivojlantirish, IT xizmatlari eksportini oshirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etishdan iborat.

Hududiy filiallar rahbarlarining malakasini oshirish zamonaviy boshqaruv vositalarini joriy etish, hududiy jamoalar samaradorligini oshirish hamda IT Park’ning O‘zbekiston hududlaridagi texnologik va eksport salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha faoliyatini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. 

 

2026-08-26