IT Park Uzbekistan Ala-Too Trade & Industry Expo 2026 xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda

Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a’zo davlatlar sanoat vazirlarining IV yig‘ilishi doirasida birinchi xalqaro Ala-Too Trade & Industry Expo 2026 ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazma maydonida mamlakatning sanoat, investitsion va innovatsion salohiyatini namoyish etuvchi “Made in Uzbekistan” milliy stendi tantanali ravishda ochildi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari — Vazirlar Mahkamasi raisi Adylbek Kasimaliyev, Qirg‘iz Respublikasi iqtisodiyot va savdo vaziri Bakyt Sydykov, shuningdek, davlat organlari va biznes doiralari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida Laziz Qudratov mehmonlarni O‘zbekistonning sanoat, investitsiya va innovatsiyalar sohasidagi asosiy yutuqlari bilan tanishtirib, mahalliy korxonalarning zamonaviy imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.

Milliy ekspozitsiyada mamlakat texnologik rivojlanishining beshta ustuvor yo‘nalishi namoyish etildi: elektrotexnika sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarishi, avtomobilsozlik, kimyo sanoati hamda IT Park Uzbekistan imkoniyatlari. Taqdim etilgan yechimlar va mahsulotlar ko‘rgazma ishtirokchilari hamda mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Ala-Too Trade & Industry Expo 2026 ko‘rgazmasi Bishkek shahrida Belarus, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekistondan 90 dan ortiq ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ishtirokida o‘tkazilmoqda. Ko‘rgazma Qirg‘iz Respublikasining ShHTdagi raisligi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, xalqaro sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish va biznes aloqalarini kengaytirish uchun muhim platforma vazifasini bajarmoqda.

IT Park Uzbekistan’ning ushbu xalqaro ko‘rgazmadagi ishtiroki mamlakatning texnologik salohiyatini xorijiy bozorlarda targ‘ib qilish, ShHT davlatlaridagi hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash hamda investitsiyalarni jalb etish, IT-xizmatlar eksportini kengaytirish va o‘zbek texnologik kompaniyalari ishtirokidagi xalqaro loyihalarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

 

2026-06-05