2026-yil 4–5-may kunlari IT Park Uzbekistan delegatsiyasi mintaqadagi eng yirik texnologik tadbirlardan biri — GITEX Central Asia & Caucasus 2026 ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda. Ushbu tadbir startaplar, IT-kompaniyalar, investorlar va davlat tashkilotlari vakillarini birlashtirib, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ko‘rgazma doirasida IT Park Uzbekistan o‘z rezidentlari yechimlarini taqdim etmoqda, shuningdek, xalqaro kompaniyalar va tashkilotlar bilan qator uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Ishtirok dasturiga biznes muzokaralar, panel sessiyalarda qatnashish va O‘zbekiston IT-ekotizimini taqdim etish kiradi.

“The Digital Reserve: Building Regional AI & Startup Powerhouses” panel muhokamasi doirasida IT Park Uzbekistan bosh direktorining o‘rinbosari Lazizbek Xudayev nutq so‘zladi. U o‘z chiqishida O‘zbekiston texnologik ekotizimi jadal rivojlanayotganini, uning investitsion va startap faolligi ortib borayotganini ta’kidladi.
“Bugungi kunda bizda 22 ta faol venchur fond mavjud, startap ekotizimining umumiy qiymati esa 4,3 milliard dollarni tashkil etadi. Startaplarga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 132 million dollarga yetdi. Mamlakatda qariyb 950 ta startap faoliyat yuritmoqda, shuningdek ikkita ‘yakkashox’ (unicorn) — Uzum va TBC Uzbekistan mavjud. Bu shunchaki kuzatib turiladigan bozor emas — bu kirib, birga rivojlanish kerak bo‘lgan bozor”, — dedi Lazizbek Xudayev.

U, shuningdek, ustuvor yo‘nalishlar sifatida startaplarni Digital Startups Program orqali qo‘llab-quvvatlash, Plug and Play Tech Center kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish va sun’iy intellekt yo‘nalishini rivojlantirishni qayd etdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda 200 dan ortiq AI-loyihalar amalga oshirilmoqda, shuningdek, ularni kengaytirish uchun yangi data-markazlar infratuzilmasi yaratilmoqda.
Ko‘rgazmada IT Park delegatsiyasi tarkibida to‘qqizta rezident kompaniya ishtirok etmoqda: AI Kraft, Balcomsoft, UZINFOCOM, Fonus Kids, GetMobi, SMC, RealSoft, PromptLab va Robosell. Ushbu loyihalar sun’iy intellekt, fintex, GovTech va raqamli infratuzilma sohalarida faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, tadbirda Sirdaryo viloyatidagi IT Park hududiy bo‘limidan yana 10 ta kompaniya mehmon sifatida qatnashmoqda.

Alohida rezident kompaniyalar ham ko‘rgazmaning biznes dasturida faol ishtirok etmoqda. Xususan, Robosell Elevate sahnasida Tech Talk formatida o‘z loyihasini taqdim etmoqda, GetMobi esa xalqaro startaplar tanlovi — Supernova Pitch’da ikkinchi o‘rinni egalladi.

Shu bilan birga, delegatsiya Astana Hub, Agesta AI, Akashi Data Center, Rainmaking va boshqa xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Asosiy e’tibor hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb qilish va qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.
IT Park Uzbekistan’ning GITEX Central Asia & Caucasus 2026 ko‘rgazmasidagi ishtiroki mamlakat startap ekotizimini rivojlantirishga qaratilgan strategik yo‘nalishni aks ettiradi. AI, fintex, e-commerce va GovTech sohalaridagi rezidentlar portfelini xalqaro maydonda namoyish etish orqali IT Park Uzbekistan ularga investorlar, hamkorlar va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatini yaratmoqda.
GITEX’dagi ishtirok O‘zbekiston startaplarining global darajaga chiqishi uchun muhim qadam hisoblanadi. Bu, shuningdek, kompaniyalarning xalqaro texnologik muhitga integratsiyasiga, eksport salohiyatining oshishiga va kelajakda investitsiya hamda qo‘shma loyihalarga aylanishi mumkin bo‘lgan barqaror biznes aloqalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
2026-05-05