13-iyul kuni Gonkongga amalga oshirilgan rasmiy tashrif doirasida IT Park Uzbekistan vakillari yetakchi texnologik kompaniyalar, sohaviy uyushmalar hamda innovatsiyalarni rivojlantirish tashkilotlari bilan qator strategik uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralar O‘zbekistonning IT ekotizimini xalqaro maydonda ilgari surish, mahalliy startaplar va IT-kompaniyalarning Osiyo bozorlariga chiqishini qo‘llab-quvvatlash hamda yangi xalqaro hamkorliklarni yo‘lga qo‘yishga qaratildi.

Tashrifning muhim qismi Ijrochi direktor, Sophia Chong, boshchiligidagi Gonkong Savdoni Rivojlantirish Kengashi (Hong Kong Trade Development Council) boshqaruvi bilan muzokaralar bo‘ldi. HKTDC Gonkongning xalqaro savdoni rivojlantirish bo‘yicha asosiy tashkilotlaridan biri bo‘lib, startaplar va kichik biznesni global bozorlarga chiqishda qo‘llab-quvvatlaydi.
Taqdimot davomida IT Park Uzbekistan xalqaro hamkorlarga O‘zbekistonda texnologiya va xizmat ko‘rsatish kompaniyalari uchun Ingliz umumiy huquqi (English common law) tamoyillariga asoslangan huquqiy muhitni yaratishga qaratilgan yangi platforma - "Enterprise Uzbekistan" tashabbusini ham taqdim etdi. Tashabbus xalqaro investorlar va biznesni, jumladan, Gonkong kompaniyalarini odatiy huquqiy mexanizmlar, investitsiyalarni himoya qilishning yuqori darajasi va biznes yuritish uchun qulay sharoitlar bilan ta’minlashga qaratilgan.

Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, Gonkong kompaniyalarining “ICT Week Uzbekistan”da ishtirok etishi, shuningdek, “Belt and Road Summit” va “InnoEX 2027” doirasida o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar. Bundan tashqari, tomonlar HKTDC global tarmog‘i orqali O‘zbekiston texnologik kompaniyalarini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish bo‘yicha startaplarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari, biznes missiyalari va tashabbuslarini kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, Gonkong yuridik va professional hamjamiyati vakillaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish imkoniyati ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, innovatsion tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekiston texnologik ekotizimining xalqaro ishtirokini kengaytirishga e’tibor qaratgan holda hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish niyatini tasdiqladilar.

Shuningdek, tashrifning asosiy tadbirlaridan biri HKTDC ko‘magida tashkil etilgan Gonkong ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv bo‘ldi. Muhokamada HK Fintech Association, Gobi Partners, The University of Hong Kong, The Hong Kong PropTech Association (HKPTA), Hong Kong University of Science and Technology va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Tomonlar innovatsion ekotizimlarni rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashdilar, fintech, venchur investitsiyalar, sun’iy intellekt, PropTech va universitet ishlanmalarini tijoratlashtirish sohalarida hamkorlik istiqbollarini, shuningdek, o‘zbek startaplarining Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Shu bilan birga, IT Park Uzbekistan delegatsiyasi Vivendi guruhiga kiruvchi dunyodagi yetakchi mobil o‘yin ishlab chiquvchilari va ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan "GAMOLAFT" kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazdi. 4000 dan ortiq xodimga va 50 dan ortiq o‘yin loyihalariga ega bo‘lgan kompaniya o‘zining o‘yin IPlarini litsenziyalash va MDH bozorlarida o‘yin mahsulotlarini ilgari surishda IT Park bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qilishga tayyorligini bildirdi. Tomonlar o‘yin franshizalarini litsenziyalash istiqbollarini, hamkorlik ni amalga oshirish shartlarini ko‘rib chiqdilar.

HKBN Enterprise Solutions bilan uchrashuvga alohida e’tibor qaratilib, unda kichik va o‘rta biznes uchun sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni joriy etish, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish, mijozlar bilan raqamli aloqa o‘rnatish, korxonalar unumdorligini oshirish va kiberxavfsizlik yechimlarini integratsiyalash istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston, Gonkong, Kontinental Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlarining texnologik ekotizimlarini bog‘lash imkonini beradigan amaliy hamkorlik mexanizmini yaratishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.
Gonkongdagi bir qator uchrashuvlar IT Park Uzbekistan’ning Osiyo texnologiya bozorining yetakchi ishtirokchilari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, raqamli yechimlarni eksport qilish, investitsiyalarni jalb qilish va o‘zbek kompaniyalarini global innovatsion ekotizimga integratsiya qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratishda muhim qadam bo‘ldi.
2026-07-13