IT Park Uzbekistan vakillari strategik rivojlanish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova boshchiligida New Uzbekistan University hamda Turin Polytechnic University in Tashkent rahbariyati bilan bir qator ishchi uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralarning asosiy mavzulari IT-mutaxassislarni tayyorlashda amaliy hamkorlik formatlarini rivojlantirish, qo‘shma R&D loyihalarni ishga tushirish, sun’iy intellekt yo‘nalishlarini rivojlantirish hamda universitet startaplarini mamlakat texnologik ekotizimiga integratsiya qilishdan iborat bo‘ldi.
New Uzbekistan University — tadqiqot markazi sifatida rivojlanayotgan, amaliy va fundamental ilmiy izlanishlarga yo‘naltirilgan zamonaviy universitet hisoblanadi. Universitetda sun’iy intellekt, ma’lumotlar tahlili va muhandislik fanlari sohasida murakkab tadqiqotlar olib borish uchun zarur ilmiy markazlar va laboratoriyalar faoliyat yuritadi. Apple, Huawei, MIT va Yandex bilan hamkorlikda tashkil etilgan 4 ta laboratoriya mavjud. Bugungi kunga kelib, universitet olimlari tomonidan 1 200 dan ortiq ilmiy maqolalar chop etilgan bo‘lib, bu ilmiy va tadqiqot faoliyatining yuqori darajasini tasdiqlaydi.
Shuningdek, universitet sanoat talablariga mos mutaxassislar tayyorlaydi: sun’iy intellekt va robototexnika bo‘yicha bakalavriat dasturi, AI va mashinaviy o‘rganish yo‘nalishidagi magistratura dasturlari, shuningdek Khalifa University bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan AI va Big Data magistratura dasturi mavjud.

New Uzbekistan Universityga tashrif doirasida universitet rahbariyati va tegishli bo‘linmalar vakillari bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar davomida talabalar va tadqiqotchilarning sun’iy intellekt sohasidagi amaliy loyihalarda ishtiroki, amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish, shuningdek universitet startaplarini milliy innovatsion ekotizimning bir qismi sifatida rivojlantirish va kengaytirish uchun sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi. Ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha hamkorlik va texnologiyalarni universitet muhitidan sanoatga transfer qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Turin Polytechnic University in Tashkent — kuchli amaliy bazaga ega va sanoat sektori bilan yaqin hamkorlik qiluvchi muhandislik universitetidir. Universitet muhandislik, raqamli texnologiyalar va sanoat yechimlari sohasida mutaxassislar tayyorlaydi hamda biznes va ishlab chiqarishning real ehtiyojlariga yo‘naltirilgan R&D yo‘nalishlarini rivojlantiradi. Universitetning asosiy sanoat hamkorlari qatoriga UzAuto, BYD, MAN, SamAuto va O‘zbekistonning boshqa yirik ishlab chiqaruvchi kompaniyalari kiradi. Universitetda 5 ta laboratoriya va tadqiqot markazi faoliyat yuritadi: Texnopark, Mexatronika markazi, Metrologiya markazi, CAD / CAM / CAE markazi hamda Fuqarolik qurilishi va arxitektura kafedrasi laboratoriyasi.
Universitet xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. Jumladan, “Menejment” dasturi AQShning Pittsburg State University bilan hamkorlikda amalga oshiriladi, bu esa akademik talablarga javob beradigan talabalarga ta’limni Qo‘shma Shtatlarda davom ettirish imkonini beradi. Shuningdek, talabalar Polsha, Germaniya va Janubiy Koreya universitetlari bilan akademik almashinuv dasturlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega.

Turin Polytechnic University in Tashkent rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhandislik va IT-ta’limini rivojlantirish, qo‘shma amaliy R&D loyihalarni ishga tushirish istiqbollari, shuningdek universitetning texnologik ekotizimda kadrlar tayyorlash va ilmiy salohiyatni rivojlantirishdagi o‘rni muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va sanoat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik real iqtisodiyot ehtiyojlariga mos mutaxassislar tayyorlash imkonini beradi.

Yetakchi universitetlar bilan hamkorlikni rivojlantirish IT Park Uzbekistan’ga ta’lim, fan va IT-industriya o‘rtasida barqaror aloqalarni shakllantirish, amaliy R&D yo‘nalishini kuchaytirish hamda O‘zbekiston texnologik ekotizimining uzoq muddatli o‘sishi uchun zarur sharoitlarni yaratish imkonini bermoqda.
2026-02-10