IT Park Uzbekistan’ning Yaponiyaga tashrifi yakunlari: IT, animatsiya, qurilish va startaplar sohasida yangi loyihalar

IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov va O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Akihiro Sakuray boshchiligidagi delegatsiya Tokioda Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari, sohaviy tashkilotlari va professional hamjamiyatlari vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Tashrif yakunlariga ko‘ra, IT-autsorsing, raqamli transformatsiya, animatsiya va kreativ sanoat, muhandislik xizmatlari, kadrlar tayyorlash hamda startaplarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Yapon kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantirish

Muzokaralarning asosiy yo‘nalishlaridan biri yapon kompaniyalarining O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini kengaytirish bo‘ldi. Bir qator kompaniyalar mamlakatda faoliyat boshlash, vakolatxonalar ochish va mahalliy mutaxassislarni jalb qilishga qiziqish bildirdi.

Xususan, Fujifilm System Services GovTech, kadrlar tayyorlash va raqamli yechimlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Tomonlar O‘zbekistonda ishlab chiqilgan ERP va GovTech yechimlarini Fujifilm System Services orqali Yaponiya bozorida mahalliylashtirish va targ‘ib qilish, yapon tilini biladigan IT-mutaxassislarni tayyorlash hamda texnologik ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni muhokama qildi. Shuningdek, kompaniya venchur investitsiyalari bo‘yicha qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish va O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish imkoniyatlarini ham o‘rganmoqda.

Tashrif doirasida IT, autsorsing, raqamli kontent va konsalting sohalarida faoliyat yurituvchi eksportga yo‘naltirilgan yapon kompaniyalari bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston bozoriga kirish imkoniyatlari, IT Park Uzbekistan rezidentlari bilan hamkorlik va eksport loyihalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Bir qator yapon kompaniyalari, jumladan, ELF-IN, Brexa Technology, Artyz va WIT Corp yaqin yillarda O‘zbekistonda faoliyat boshlash rejalarini tasdiqladi.

Erishilgan kelishuvlar yapon investitsiyalari va kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish, IT-xizmatlar eksportini rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash va o‘zbek startaplarining xalqaro bozorlardagi imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. IT Park Uzbekistan uchun esa bu xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va mamlakatning mintaqaviy IT-hab sifatidagi mavqeini mustahkamlash uchun yangi istiqbollarni ochadi.

Daiwa House Group bilan hamkorlik

Tashrifning muhim natijalaridan biri Yaponiyaning eng yirik qurilish va developerlik kompaniyalaridan biri bo‘lgan Daiwa House Group bilan muzokaralar bo‘ldi. Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston bozorining mavjud imkoniyatlari haqida ma’lumot almashib, istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi. Kompaniya mamlakatda loyihalarni amalga oshirish va hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini yanada chuqurroq o‘rganishga qiziqish bildirdi.

Tomonlar CAD/BIM-modellashtirish, arxitektura va muhandislik xizmatlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, muhandislik ishlarini autsorsing qilish sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi. Bundan tashqari, Daiwa House Ventures bilan startaplar va qo‘shma venchur fond yaratish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini qo‘shimcha ravishda o‘rganishga kelishib olindi.

Kreativ sanoatni rivojlantirish

Tashrif davomida kreativ sanoat rivojiga ham katta e’tibor qaratildi. Yaponiyaning Graphinica animatsiya studiyasi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, animatsiya va kompyuter grafikasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash hamda yapon kompaniyalari buyurtmalarini o‘zbek studiyalariga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Kompaniya O‘zbekiston universitetlaridan birida o‘zining kadrlar tayyorlash metodikalarini joriy etish, yapon modeli asosida mentorlik tizimini rivojlantirish va amaliy hamkorlikni kengaytirishni taklif qildi. Shuningdek, o‘zbek mutaxassislari va studiyalarini Yaponiyaning animatsiya hamda raqamli kontent bozoriga integratsiya qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Startaplar sohasidagi hamkorlik

Tashrifning alohida yo‘nalishlaridan biri startap ekotizimini rivojlantirish bo‘ldi. Zero One Booster Holdings bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘zbek startaplarini Yaponiya bozoriga olib chiqish, akseleratsiya dasturlarini yo‘lga qo‘yish va qo‘shma venchur fond tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tomonlar, shuningdek, Land of Startups dasturi doirasida yapon startaplarini O‘zbekistonga jalb qilish va ochiq innovatsiyalar sohasidagi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.

Yaponiyaning innovatsion ekotizimi bilan hamkorlik

Tokyo Innovation Base (TIB) vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Yaponiya startap ekotizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi. O‘zbek startaplariga TIB maydonida joy ajratish va ularning yapon venchur fondlari hamda investorlar oldida pitch-sessiyalarda ishtirok etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, IT Park Uzbekistan’ning TIB ekotizimiga hamkor sifatida qo‘shilishi masalasi ham ko‘rib chiqildi. Uchrashuv yakunida hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma tadbirlar va biznes dasturlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

JETRO ijrochi vitse-prezidenti Takafumi Suzuki bilan uchrashuvda IT sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, yapon kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish, IT-xizmatlar eksportini rivojlantirish va startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar JETRO’ning 2026-yil fevral oyida O‘zbekistonga uyushtirgan IT-missiyasi natijalarini hamda o‘zbek startaplarini Yaponiya bozoriga chiqishga ko‘maklashuvchi J-Bridge dasturiga jalb qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Shuningdek, Yaponiyaning turli hududlarida “Digital Uzbekistan” tadbirlarini tashkil etish va O‘zbekistonning IT salohiyati, startap ekotizimi hamda investitsion va venchur imkoniyatlarini targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikka kelishildi.

Bundan tashqari, xalqaro huquq qo‘llanadigan Enterprise Uzbekistan hududiga yapon BigTech kompaniyalarini jalb qilish hamda Yaponiyaning turli hududlarida O‘zbekiston IT salohiyatini targ‘ib qiluvchi tadbirlar o‘tkazish masalalari ham muhokama qilindi.

Yaponiyadagi o‘zbek mutaxassislari bilan uchrashuv

Tashrifning yakuniy tadbiri Yaponiyada faoliyat yuritayotgan o‘zbek mutaxassislarini birlashtiruvchi Uzbek Professionals in Japan (UPJ) hamjamiyati bilan uchrashuv bo‘ldi. Unda O‘zbekiston IT-ekotizimini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish, bonus tizimi orqali mahalliy IT-mahsulotlarni Yaponiyaga olib chiqish va ikki mamlakat o‘rtasidagi professional aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar Yaponiyada faoliyat yuritayotgan o‘zbek mutaxassislari to‘plagan tajriba va bilimlarni almashish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdi. Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, uch nafar vatandosh O‘zbekistonda o‘z ofislarini ochish va mamlakat hududida startap loyihalarini rivojlantirish, keyinchalik esa milliy IT-ekotizim imkoniyatlaridan foydalangan holda mahsulotlarini Markaziy Osiyo va APAC mintaqalariga eksport qilishga tayyor ekanini bildirdi.

2026-06-09