IT Park Uzbekistan va 500 Global O‘zbekiston startap-ekotizimini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov 500 Global shirkati boshqaruvchi hamkori Pedro Santos Viyeyra bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar O‘zbekiston startap-ekotizimini yanada rivojlantirish, venchur investitsiyalar hajmini oshirish, mahalliy startaplarning xalqaro bozorlarga chiqishini ta’minlash, shuningdek, ushbu sohadagi mavjud tashabbuslarni muvofiqlashtirish masalalarini muhokama qildi.

500 Global — tez rivojlanayotgan texnologik startaplarga sarmoya kirituvchi va tadbirkorlik ekotizimlarini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi xalqaro venchur kompaniyasidir. Shuningdek, shirkat mintaqa mamlakatlari startaplari uchun “500 Global in Eurasia” kabi xalqaro akseleratsiya dasturlarini ham o‘tkazib keladi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, uning boshqaruvida qariyb $2,3 mlrdlik aktivlar mavjud. 500 Global hozirga qadar O‘zbekistonning TASS Vision, IMAN, Cerberus, Tezbor, Talklabs va Unitlab AI kabi bir qator startaplariga sarmoya kiritgan. Ushbu loyihalarga yo‘naltirilgan sarmoyalarning umumiy hajmi kamida $600 mingni tashkil etadi.

500 Global vakillari kompaniya 2021–2022-yillardan buyon O‘zbekiston bozoridagi texnologik kompaniyalar va startaplarga sarmoya kiritib kelayotganini ham ta’kidladi. Ular orasida o‘zbekistonlik tadbirkorlar tomonidan asos solingan kompaniyalar ham, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy muassislarning startaplari ham bor.

Bundan tashqari, 500 Global O‘zbekistonda startaplarni xalqaro sarmoyalarni jalb etishga tayyorlash hamda ularning xorijiy investorlar bilan aloqalarini kengaytirishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Kompaniya Markaziy Osiyodagi uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi doirasida startaplarni dastlabki bosqichdan tortib, xalqaro investitsiya bozorlariga chiqquniga qadar — turli bosqichlarda rivojlantirishda ishtirok etishni rejalashtirmoqda.

Uchrashuvda venchur fondlar faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish, sarmoyaviy kapital harakatini soddalashtirish va O‘zbekistonda xalqaro fondlar faoliyati samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston startap-ekotizimini tizimli rivojlantirish, venchur investitsiyalar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish hamda mahalliy texnologik kompaniyalarning xalqaro bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish borasidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

IT Park Uzbekistan uchun bunday mexanizmlarning rivojlanishi mahalliy startaplarga xorijiy kapitalni jalb qilish, yangi bozorlarga chiqish va xalqaro investorlar bilan bevosita aloqalar o‘rnatish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. 500 Global bilan hamkorlik, shuningdek, investitsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirishga va O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda texnologik biznes uchun istiqbolli bozor sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.

2026-08-28