IT Park Uzbekistan vakillari — strategik rivojlanish bo‘yicha direktor Mahliyo Muxsinova va IT Park University bosh direktori Boxodir Ayupov boshchiligida American Councils for International Education delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Delegatsiyaga tashkilot prezidenti Liza Choate boshchilik qildi. Uchrashuv yakunida tomonlar muzokaralarni davom ettirish va ta’lim, innovatsiyalar hamda IT ko‘nikmalarini rivojlantirish yo‘nalishida yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga kelishib oldi.

American Councils for International Education — ta’lim dasturlari, akademik almashinuv va til hamda professional ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshiradigan xalqaro notijorat tashkilot. Tashkilot o‘nlab mamlakatlarda faoliyat yuritadi va xalqaro tajriba hamda kompetensiyalarga ega mutaxassislarni tayyorlashga e’tibor qaratadi.

Uchrashuv davomida American Councils vakillari O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyot va IT sohasi rivojida erishgan sezilarli yutuqlarini alohida ta’kidladi. O‘z navbatida, IT Park Uzbekistan vakillari ekotizim, asosiy yutuqlar va xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini taqdim etdi.

Alohida e’tibor O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi texnologik hamkorlikni mustahkamlashga qaratildi. IT Park Uzbekistan’ning AQShda ofis ochgani investitsiyalarni jalb qilish va o‘zbek IT-kompaniyalarini xalqaro bozorlarga olib chiqishda muhim qadam ekani qayd etildi.
Tomonlar, shuningdek, ta’lim tashabbuslarini, jumladan, almashinuv dasturlari, mentorlik va IT ko‘nikmalariga yo‘naltirilgan ingliz tili o‘qitilishini muhokama qildi. Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida yoshlar rivoji — amaliy bilimlarni shakllantirish va xalqaro loyihalarda ishtirok etish uchun sharoit yaratish belgilandi.

Bundan tashqari, ishtirokchilar Qarshi shahrida IT Park Uzbekistan ko‘magida tashkil etilgan American Makerspace Center ahamiyatini alohida qayd etdi. Mazkur markaz yosh mutaxassislarga zamonaviy uskunalardan foydalanish va texnologiya hamda muhandislik sohasida real loyihalar ustida ishlash imkonini beradi.
American Councils bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan uchun ta’lim dasturlarini rivojlantirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash va IT sanoati uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda yangi imkoniyatlarni ochadi.
2026-04-30