IT Park Uzbekistan va UZINFOCOM vakillari Xitoyning China Electronics Shenzhen (CES) kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Delegatsiyaga kompaniya raisi Chen Venxay boshchilik qildi. Delegatsiya tarkibidan, shuningdek, CES vitse-prezidenti Sun Sin, tizimli muhandislik departamenti bosh direktori Shao Syu va loyiha menejeri Chjan Juysyan ham o‘rin oldi. Muzokaralar davomida tomonlar sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar (Big Data) tahlili, raqamli infratuzilma va zamonaviy IT yechimlar sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

China Electronics Shenzhen (CES) — IT uskunalar yetkazib berish, tizimli integratsiya, xalqaro ta’minot zanjirlarini boshqarish va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishga ixtisoslashgan Xitoy kompaniyasi. Kompaniya 45 yildan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritib kelmoqda, dunyoning 100 dan ortiq mamlakat va hududlaridagi mijozlarga xizmat ko‘rsatadi hamda 10 mingdan ziyod xorijiy mijozlar bilan hamkorlik qiladi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, CES kompaniyasining daromadi 4,5 milliard AQSh dollarini tashkil etgan. Kompaniyaning bosh qarorgohi Xitoy Xalq Respublikasining Shenchjen shahrida joylashgan.

Uchrashuv davomida ishtirokchilar sun’iy intellekt (AI) va katta ma’lumotlar (Big Data) tahlili sohasidagi yechimlarni joriy etish, shuningdek, O‘zbekistonning raqamli infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildi. Alohida e’tibor hisoblash quvvatlarini rivojlantirish, server infratuzilmasi va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini (Data Center) rivojlantirish masalalariga qaratildi.
Tomonlar, shuningdek, aqlli narsalar interneti (IoT) qurilmalari sohasidagi hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqdi. Jumladan, zamonaviy server yechimlari va hisoblash tizimlari muhokama qilindi. Muloqot davomida tajriba almashish, ayrim texnologik yechimlarni mahalliylashtirish hamda davlat va xususiy tashkilotlar ishtirokidagi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari ham ko‘tarildi.

CES vakillari kompaniyaning yirik xalqaro loyihalarni amalga oshirish va raqamli infratuzilmani rivojlantirish borasidagi tajribasini taqdim etdi. Kompaniyaning tizimli integratsiya, IT uskunalar yetkazib berish va global ta’minot zanjirlarini boshqarish sohasidagi salohiyati alohida qiziqish uyg‘otdi.
CES bilan hamkorlikni rivojlantirish IT Park Uzbekistan uchun xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, mamlakatga ilg‘or texnologik yechimlarni jalb etish hamda raqamli infratuzilmani rivojlantirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va IT ekotizimning raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
2026-06-19