IT Park Uzbekistan va Global Digital Innovation Network (GDIN) startaplarni qo‘llab-quvvatlash, texnologik kompaniyalarning O‘zbekiston va Koreya Respublikasi bozorlariga chiqishini ta’minlash, shuningdek, qo‘shma xalqaro loyihalarni amalga oshirish yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirmoqda.
Ishchi uchrashuv doirasida O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va IT Park Uzbekistan ijrochi direktori Jahongir Radjabov Global Digital Innovation Network (GDIN) prezidenti va bosh direktori JongKap Kim bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Tadbir doirasida Seongnam shahridagi Pangyo Technovalley texnologik klasteri hududida joylashgan IT Park Uzbekistan’ning Koreya Respublikasidagi Liaison-vakolatxonasining ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Vakolatxona GDIN bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, Koreyaning texnologik kompaniyalari, startaplari, investorlar va innovatsion ekotizimning boshqa ishtirokchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilish uchun platforma bo‘lib xizmat qiladi. Daniyar Atadjanov IT Park Uzbekistan’ning Koreya Respublikasidagi rasmiy vakili etib tayinlandi.
Tomonlar vakillari tadbir ishtirokchilariga o‘z tashkilotlari faoliyatini taqdim etdi. GDIN ijrochi direktori Sokjin Chang tashkilot faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi, shundan so‘ng IT Park Uzbekistan jamoasi O‘zbekiston texnologik ekotizimining imkoniyatlari va xalqaro biznesni rivojlantirish uchun mavjud sharoitlarni taqdim etdi.
Daniyar Atadjanov yangi vakolatxona faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, jumladan, mahalliy texnologik hamjamiyat bilan hamkorlikni rivojlantirish, koreys kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etish hamda o‘zbek texnologik loyihalarining Koreya Respublikasi bozoriga chiqishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ma’lumot berdi.
Uchrashuvning asosiy natijalaridan biri IT Park Uzbekistan va GDIN o‘rtasida Anglashuv memorandumi (MoU) imzolanishi bo‘ldi. Hujjat startaplarni qo‘llab-quvvatlash, texnologik kompaniyalarning xalqaro miqyosda kengayishini ta’minlash hamda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi innovatsion ekotizimlari o‘rtasidagi hamkorlikning amaliy mexanizmlarini rivojlantirishni nazarda tutadi.
Hamkorlik doirasida tomonlar qo‘shma korxonalar (Joint Venture, JV) tashkil etish, kompaniyalarning xorijiy bozorlarga chiqishi bo‘yicha dasturlarni amalga oshirish, ikki mamlakat startaplari o‘rtasida almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma pilot loyihalarni ishga tushirish, shuningdek, sun’iy intellekt va R&D yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirishni rejalashtirmoqda.
IT Park Uzbekistan, shuningdek, GDIN hamkorlik tarmog‘iga qo‘shiladi. Bu o‘zbek va koreys texnologik kompaniyalari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yanada kengaytirish imkonini beradi.
Koreya Respublikasida o‘zbek startaplari uchun Korea–Uzbekistan Global PoC Program doirasida birinchi Proof of Concept (PoC) loyihasini ishga tushirishga alohida e’tibor qaratildi.
Dastur startaplarga o‘z texnologik yechimlarini bevosita Koreya bozorida sinovdan o‘tkazish, potensial hamkorlar va buyurtmachilardan fikr-mulohaza olish, mahsulotga bo‘lgan talabni baholash hamda keyingi kengayish bosqichlariga tayyorgarlik ko‘rish imkonini beradi.
Tomonlar ikki mamlakat kompaniyalari ishtirokida qo‘shma korxonalar tashkil etish masalasini ham muhokama qildi. Dastlabki bosqichda uchta JV-loyiha va bitta PoC-dasturini tayyorlash ko‘zda tutilgan bo‘lib, ularni ishga tushirish 2027-yil yanvar oyiga rejalashtirilgan.
Tadbir doirasida Koreyaning texnologik, investitsiyaviy, ta’lim va biznes hamjamiyati vakillari ishtirokida networking-sessiya ham tashkil etildi.
Muloqotda KOIIA, Inpro, KPMG, Ezcure, Korea IT Consulting, KDDI Korea, Neural D, Yonsei University, ARTYZ Korea Inc., WISESTONE, Prototie va SaferZone vakillari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, kompaniyalarning ikki mamlakat bozorlariga chiqish imkoniyatlari, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va O‘zbekiston hamda Koreya Respublikasi texnologik kompaniyalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes aloqalarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
GDIN bilan hamkorlik va IT Park Uzbekistan’ning yangi vakolatxonasi faoliyati Koreya texnologik kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etish, startaplar o‘rtasidagi almashinuvni rivojlantirish, qo‘shma pilot loyihalarni ishga tushirish hamda AI va R&D yo‘nalishlaridagi hamkorlikni kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Global Digital Innovation Network (GDIN) 2013-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Koreya Respublikasi va boshqa mamlakatlarning innovatsion texnologik kompaniyalari o‘rtasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, ularning global bozorlarga chiqishiga ko‘maklashadi. Faoliyati davomida GDIN 3 000 dan ortiq texnologik kompaniyani qo‘llab-quvvatlagan, 160 ta xalqaro hamkorlik aloqasini rivojlantirishga ko‘maklashgan, 20 000 dan ortiq konsultatsiya xizmatini taqdim etgan va kompaniyalarga qariyb 3,6 milliard AQSh dollari miqdorida investitsiya jalb qilishga yordam bergan.
Imzolangan memorandum va Liaison-vakolatxonaning ochilishi o‘zbek startaplarining Koreya bozoriga chiqishi, koreys kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etish, qo‘shma korxonalarni ishga tushirish hamda PoC-dasturlari doirasida texnologik yechimlarni sinovdan o‘tkazish uchun amaliy asos yaratib, ikki mamlakat innovatsion ekotizimlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlaydi.
2026-09-14