IT Park Uzbekistan va GITA startap hamda innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

IT Park Uzbekistan ijrochi direktori Jahongir Radjabov boshchiligidagi delegatsiya Gruziya Innovatsiyalar va texnologiyalar agentligi (GITA) raisi Avtandil Kasradze bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida tomonlar startap-ekotizimlarni rivojlantirish, innovatsion tadbirkorlik va xalqaro texnologik hamkorlik sohasidagi istiqbolli yo‘nalishlarni muhokama qildi. 

Gruziya Innovatsiyalar va texnologiyalar agentligi (GITA) — milliy innovatsion ekotizimni shakllantirish maqsadida 2014-yilda Gruziya Iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vazirligi huzurida tashkil etilgan davlat agentligi. Agentlik startaplarni grant asosida qo‘llab-quvvatlash, akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarini amalga oshiradi, texnoparklar hamda innovatsion markazlar tarmog‘ini rivojlantiradi, investitsiyalar jalb etish, raqamli ko‘nikmalarni yuksaltirish va Gruziya texnologik kompaniyalarini xalqaro bozorlarga olib chiqishga ko‘maklashadi. 

Mazkur uchrashuv GITA delegatsiyasining 2024-yil aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligiga tashrifidan so‘ng boshlangan o‘zaro hamkorlikning mantiqiy davomi bo‘ldi. Tashrif yakunlari bo‘yicha Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi va GITA ishtirokida qo‘shma ishchi guruh tuzilgan edi. 

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston tomoni GITA’dagi hamkasblarini “ICT Week Uzbekistan” tadbirlarida ishtirok etishga taklif qildi. Muloqot ishtirokchilari yuqori texnologiyalar va xalqaro kooperatsiyaga bag‘ishlangan sessiyalarga gruziyalik ekspertlarni jalb qilish formatlarini muhokama qildi. 

Uchrashuv doirasida IT Park Uzbekistan va Gruziya Innovatsiyalar va texnologiyalar agentligi o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat O‘zbekiston va Gruziya innovatsion ekotizimlari o‘rtasidagi hamkorlikda yangi bosqichni ochib beradi. 

Hujjat startap-ekotizimlar sohasida hamkorlikni rivojlantirish, texnologik kompaniyalarning xalqaro bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma tadbirlar, vebinarlar va biznes-missiyalarni tashkil etish, shuningdek, O‘zbekiston-Gruziya qo‘shma ishchi guruhi doirasidagi o‘zaro aloqalarni faollashtirishni nazarda tutadi. 

Hamkorlik doirasida tomonlar “Land of Startups” tashabbusini birgalikda ilgari surishga kelishib oldi. Bunda O‘zbekiston gruziyalik startaplarning Markaziy Osiyo bozoriga chiqishi uchun istiqbolli platforma sifatida ko‘rsatiladi. Shuningdek, texnologik kompaniyalarni xorijiy bozorlarga olib chiqish bo‘yicha qo‘shma tadbirlar, biznes-missiyalar va dasturlar amalga oshiriladi. 

2026-07-03