15-iyul kuni Gonkongga rasmiy tashrif doirasida IT Park Uzbekistan Kuzatuv kengashi raisi Farhod Ibragimov va bosh direktori Azamat Karamatov boshchiligidagi delegatsiya Osiyoning yetakchi innovatsion parklaridan biri bo‘lgan Hong Kong Science and Technology Parks Corporation (HKSTP) ga tashrif buyurdi. Uchrashuv davomida tomonlar innovatsiyalar, texnologiyalarni tijoratlashtirish, startaplar va ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini rivojlantirish sohalarida hamkorlik qilish uchun yangi imkoniyatlar ochadigan Anglashuv memorandumini (MoU) imzoladilar.

Imzolangan bitim O‘zbekiston va Gonkong innovatsion ekotizimlari o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikka asos soladi. Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari startaplarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, R&D infratuzilmasini yaratish bo‘yicha tajriba almashish, shuningdek, texnologik kompaniyalarning xalqaro bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish bo‘ladi.
Uchrashuv davomida HKSTP so‘nggi 25 yil davomida Osiyoning yetakchi innovatsion ekotizimlaridan birini shakllantirish borasidagi tajribasini taqdim etdi. Bugungi kunda park hududida 2 400 dan ortiq texnologik kompaniya, qariyb 17 ming ilmiy-tadqiqot mutaxassisi va 25 mingdan ortiq ekotizim ishtirokchisi faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, HKSTP 13 ta unicorn kompaniyasining shakllanishiga hissa qo‘shgan. Tashkilot, shuningdek, 150 dan ortiq investitsiyani o‘z ichiga olgan 2,4 milliard Gonkong dollari (HKD) miqdoridagi venchur fondini boshqaradi hamda so‘nggi yillarda ixtisoslashtirilgan laboratoriyalarni rivojlantirish uchun 200 million HKDdan ortiq investitsiya yo‘naltirgan.

O‘z navbatida, IT Park Uzbekistan delegatsiyasi bugungi kunda 3 800 dan ortiq rezident kompaniyalarni o‘z ichiga olgan, mamlakatning barcha hududlarida faoliyat yurituvchi va texnologik biznes uchun eng raqobatbardosh shart-sharoitlarni, jumladan, 2040-yilgacha uzaytirilgan soliq imtiyozlarini taklif etuvchi O‘zbekiston texnologik ekotizimining yutuqlarini taqdim etdi. Raqamli transformatsiyani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, venchur kapital bozorini rivojlantirish va IT-xizmatlar eksportiga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar, shuningdek, texnologiyalar transferi mexanizmlarini rivojlantirish, tadbirkorlarni tayyorlash, startaplarni jadallashtirish, universitetlarning sanoat bilan hamkorligi va ilmiy ishlanmalarga investitsiyalarni jalb etish masalalarini muhokama qildilar. Tadqiqotlarni tijoratlashtirish, innovatsion infratuzilmani rivojlantirish, ilmiy tashkilotlar va texnologik kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha tajriba almashishga alohida e’tibor qaratildi.

Sun’iy intellekt kelajakdagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. Muzokaralar davomida sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish, modellarni o‘qitish uchun hisoblash quvvatlarini yaratish, AI Factory konsepsiyasi, tartibga solish, ochiq ma’lumotlar va mutaxassislarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi. IT Park Uzbekistan mamlakatning Osiyo va Yevropa bozorlarini bog‘laydigan sun’iy intellektni rivojlantirishning mintaqaviy markaziga aylanish istagini tasdiqladi.
Rasmiy qismdan so‘ng delegatsiya HKSTP rezidentlarining texnologik ishlanmalari bilan tanishdi. Taqdim etilgan yechimlar orasida sport AI sharhlari platformalari, qidiruv-qutqaruv operatsiyalari uchun uchuvchisiz tizimlar, robototexnika majmualari, aqlli tibbiy xizmatlar, sanoat va infratuzilma uchun IoT yechimlari, millimetrli aloqa tizimlari, shuningdek, qayta tiklanadigan energiya texnologiyalari mavjud.

Uchrashuv davomida IT Park Uzbekistan HKSTP rahbariyati va rezident kompaniyalarni 2026-yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan ICT Week Uzbekistan’da ishtirok etishga taklif qildi. Tadbir innovatsiyalar, tadqiqot va ishlanmalar sohasidagi hamkorlikni muhokama qilish, davlat organlari, investorlar va Markaziy Osiyolik potensial hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish uchun platforma bo‘ladi. HKSTP vakillari ishtirok etishga qiziqish bildirdilar va rasmiy taklifni olgandan so‘ng delegatsiya tuzish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun ishchi guruhlar tuzishga, tadqiqot markazlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga hamda sun’iy intellekt, DeepTech, texnologiyalarni tijoratlashtirish va innovatsion kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash sohalarida hamkorlikni rivojlantirishni davom ettirishga kelishib oldilar.
2026-07-15