IT Park Uzbekistan va HSITP innovatsiyalar va startaplarni rivojlantirish sohasida hamkorlik memorandumini imzoladilar

IT Park Uzbekistan delegatsiyasining Gonkong va Shanxayga amaliy tashrifi Xitoyning innovatsion tashkilotlari bilan bir qator hamkorlik shartnomalarini imzolash bilan yakunlandi. Asosiy hujjatlardan biri IT Park Uzbekistan va Hong Kong Shenzhen Innovation and Technology Park (HSITP) o‘rtasida innovatsiyalar, startaplar, texnologiyalarni tijoratlashtirish, investitsiyalarni jalb qilish va kompaniyalarning xalqaro bozorlarga chiqishi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumi bo‘ldi. 

Avvalroq tashrif davomida IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov boshchiligidagi delegatsiya bosh direktori Vinsent Ma boshchiligidagi HSITP rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi, innovatsion park infratuzilmasi, jumladan, Visitor Centre va mutaxassislar uchun turar-joy majmuasi bilan tanishdi, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro kompaniyalar uchun mintaqaviy texnologik xab sifatidagi imkoniyatlarini taqdim etdi. 

Imzolangan memorandum asosiy yo‘nalishlarda, jumladan, innovatsiyalar va startaplarni rivojlantirish, texnologiyalarni tijoratlashtirish, investitsiyalarni rag‘batlantirish va xalqaro bozorlarga kirishni kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi. 

Kelishuv doirasida tomonlar quyidagilarni amalga oshirishga kelishdilar: 

  • o‘zbek texnologik kompaniyalari va startaplarining HSITP ekotizimi orqali Gonkong, materik Xitoy va boshqa mamlakatlar bozorlariga chiqishiga ko‘maklashish; 
  • IT Park Uzbekistan dasturlari, infratuzilmasi va biznesni rivojlantirish vositalaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etish orqali Gonkong texnologiya kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirishini qo‘llab-quvvatlash;  
  • inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari, biznes missiyalari, investitsiya tadbirlari, mentorlik va texnologik almashinuv dasturlarini birgalikda tashkil etish; 
  • investitsiyalarni jalb etish, texnologiyalarni tijoratlashtirish va innovatsion kompaniyalarni xalqaro miqyosda kengaytirish sohasida hamkorlikni rivojlantirish. 

Memorandumning imzolanishi IT Park Uzbekistan va HSITP o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi va ikki mamlakat texnologik kompaniyalari uchun xalqaro bozorlarga chiqish, investitsiyalarni jalb qilish va transchegaraviy innovatsion hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi imkoniyatlar ochadi. 

2026-07-18