IT Park Uzbekistan vakillari Rezidentlar bilan ishlash bo‘yicha direktor Lazizbek Xudayev boshchiligida Latviya Respublikasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Delegatsiyaga Latviya Iqtisodiyot vazirligi davlat kotibi Ravis Bremshmits boshchilik qildi. Uchrashuv davomida tomonlar axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, startap ekotizimini rivojlantirish hamda IT-kompaniyalar va startaplarning yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlari bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Latviya delegatsiyasi tarkibiga Ravis Bremshmitsdan tashqari Latviyaning O‘zbekistondagi elchixonasi huzuridagi Latviya iqtisodiy vakolatxonasi rahbari Georgiy Voyevoda, Latviya Investitsiyalar va rivojlanish agentligi, Latviya AKT-klasteri vakillari, shuningdek, “MKG Building OU Latvia”, “Asya 21”, “Emy Solutions”, “Fan Apps” kompaniyalari vakillari kirdi.

Muzokaralar davomida IT Park Uzbekistan vakillari tashkilot faoliyati va uning mamlakat texnologik ekotizimini rivojlantirishdagi o‘rni haqida ma’lumot berdi. IT Park Uzbekistan startaplar, IT-kompaniyalar va xalqaro hamkorlarni birlashtirishi, shuningdek, biznesni rivojlantirish va raqamlashtirish sohasida xizmatlar eksporti uchun sharoit yaratishi ta’kidlandi.

Muhokama qilingan mavzulardan biri sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlik bo‘ldi. Tomonlar qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda til modellari ishlab chiqish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Shuningdek, uchrashuv ishtirokchilari startap ekotizimini rivojlantirish va venchur moliyalashtirish imkoniyatlarini muhokama qildi. Xususan, o‘zbek startaplariga Boltiqbo‘yi davlatlari va Yevropa Ittifoqi bozorlariga chiqishga yordam beradigan, latviyalik kompaniyalarga esa O‘zbekistonda va Yevrosiyo mintaqasining boshqa davlatlarida ishlash imkoniyatlarini o‘rganishga xizmat qiladigan ikki tomonlama market entry dasturlarini ishga tushirish g‘oyasi ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, IT Park Uzbekistan vakillari ilmiy-tadqiqot hamkorligini rivojlantirish doirasida qo‘shma laboratoriyalar tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etdi. Tomonlar universitetlar va tadqiqot markazlari o‘rtasida almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish istiqbollarini ham muhokama qildi. Shuningdek, latviyalik texnologik kompaniyalarni O‘zbekiston bozoriga jalb qilish orqali ularning mahsulot va xizmatlarini xalqaro bozorlarga kengaytirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Latviya davlat tuzilmalari va texnologik kompaniyalari bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan’ga xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, o‘zbek IT kompaniyalari va startaplari uchun Yevropa bozorlarida yangi imkoniyatlarni kengaytirish hamda mamlakat raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishga yangi texnologik loyihalar va investitsiyalarni jalb qilish imkonini beradi.
2026-03-06