IT Park Uzbekistan va MBK Holding IT sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov MBK Holding kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Delegatsiyaga kompaniya asoschisi va boshqaruv kengashi raisi Shayx Mansur bin Xalifa Al Tani boshchilik qildi.

MBK Holding — sun’iy intellekt, blokcheyn, deep tech va startaplarni rivojlantirish yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi Qatar texnologik investitsiya platformasi. Kompaniya Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Buyuk Britaniya va boshqa xalqaro bozorlarda loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

Uchrashuv davomida tomonlar IT Park Uzbekistan va MBK Holding o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi. Asosiy e’tibor startaplarni qo‘llab-quvvatlash, IT eksportini rivojlantirish hamda o‘zbek kompaniyalarining raqamli mahsulotlarini Qatar va mintaqaning boshqa mamlakatlari bozorlariga olib chiqishga qaratildi.

Shuningdek, ishtirokchilar o‘zbek IT mutaxassislarini xalqaro texnologik kompaniyalarga jalb etish hamda O‘zbekiston va Qatar texnologik ekotizimlari vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.

MBK Holding bilan hamkorlikni rivojlantirish o‘zbek IT kompaniyalari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, ularning xorijiy bozorlardagi ishtirokini kengaytirish va O‘zbekiston texnologik ekotizimining xalqaro aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

2026-06-19