ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida IT Park Uzbekistan Ijrochi direktori Jahongir Radjabov Science Technology Park Belgrade direktori Maria Milic bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar O‘zbekiston va Serbiya innovatsion ekotizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, texnologik kompaniyalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ikki ekotizim ishtirokchilari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Mazkur uchrashuv 2-sentabr kuni IT Park Uzbekistan delegatsiyasining Science Technology Park Belgrade’ga tashrifi davomida boshlangan muloqotning davomi bo‘ldi. Tashrifdan so‘ng tomonlar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha muzokaralarni va qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqishni davom ettirib, erishilgan kelishuvlarni ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida imzolash bosqichiga olib chiqdi.
Uchrashuv davomida IT Park Uzbekistan va Science Technology Park Belgrade vakillari o‘z tashkilotlari faoliyati, startap ekotizimlari imkoniyatlari hamda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini ham taqdim etdi. Serbiya delegatsiyasi tarkibida tashrif buyurgan ikki startap ICT WEEK Uzbekistan 2026 tadbirlarida ishtirok etmoqda.
Alohida e’tibor Science Technology Park Belgrade’ning O‘zbekistonga biznes missiyasiga qaratildi. Tashrif 2026-yil oktabr oyi oxiriga rejalashtirilgan. Tomonlar tashkiliy masalalarni hamda biznes dasturini IT Park Uzbekistan tomonidan qo‘llab-quvvatlashning mumkin bo‘lgan formatlarini ko‘rib chiqdi.
Sentabrdagi tashrif davomida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi texnopark faoliyati, uning infratuzilmasi hamda texnologik kompaniyalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash yondashuvlari bilan tanishdi. Serbiya tomoni ko‘magida Beyond42, Forceman Technologies va Includify ishtirokida davra suhbati ham tashkil etilib, kompaniyalar o‘z yechimlari, biznes modellari va keyingi rivojlanish rejalarini taqdim etdi.
Muzokaralarning davom ettirilishi va Science Technology Park Belgrade vakillarining ICT WEEK Uzbekistan 2026’dagi ishtiroki O‘zbekiston va Serbiya texnologik kompaniyalari hamda startaplari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
2015-yilda tashkil etilgan Science Technology Park Belgrade Serbiya innovatsion ekotizimining muhim bo‘g‘inlaridan biri hisoblanadi. Tashkil etilganidan buyon texnopark 240 dan ortiq texnologik kompaniyani qo‘llab-quvvatlagan. Uning ekotizimida faoliyat yuritayotgan kompaniyalarda 2 800 dan ortiq mutaxassis ishlaydi va ular o‘z mahsulot hamda xizmatlarini dunyoning 60 dan ortiq mamlakatiga eksport qiladi.
2026-09-21