9-sentyabr kuni IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov Vention xalqaro texnologiya kompaniyasining ofisiga tashrif buyurdi. Uchrashuv davomida tomonlar kompaniyaning O‘zbekistondagi joriy faoliyati, xorijiy buyurtmachilarni jalb qilish, xalqaro loyihalar uchun jamoalar tuzish, shuningdek, operatsiyalarni yanada kengaytirishga ta’sir ko‘rsatuvchi ayrim masalalarni muhokama qildi.
Vention kompaniyasining eksport faoliyatini yanada kengaytirish va O‘zbekistondagi jamoasi sonini ko‘paytirish rejalari uchrashuvning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Kompaniya xalqaro loyihalarni, jumladan, FinTech va korporativ yechimlarni ishlab chiqish yo‘nalishlarida amalga oshirish uchun malakali mutaxassislarga talab ortib borayotganini qayd etdi.
Shu munosabat bilan xalqaro bozorlarda ish tajribasiga ega bo‘lgan zarur mutaxassislarni topish va jalb qilishda IT Park Uzbekistan tomonidan ko‘maklashish imkoniyatlari muhokama qilindi. IT Park Uzbekistan kompaniyani jamoasini kengaytirish, kadrlar salohiyatini rivojlantirish va yangi eksport loyihalarini amalga oshirishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Xorijiy buyurtmachilar bilan ishlashga hamda O‘zbekistonni texnologik loyihalarni amalga oshirish uchun raqobatbardosh maydon sifatida yanada targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratildi. Vention AQSH va Yevropadagi potensial mijozlar bilan o‘zaro hamkorlik qilib kelmoqda, biroq xalqaro buyurtmachilarning mahalliy jamoa imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash zarurati saqlanib qolmoqda.
Xalqaro mijozlar bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida tomonlar Vention va IT Park Uzbekistan ishtirokida AQSH, Buyuk Britaniya va Germaniya kabi asosiy bozorlarga qo‘shma biznes-tadbirlar va ishchi tashriflar uyushtirish imkoniyatini ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida O‘zbekistondagi jamoalar orqali yangi xalqaro loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Xorijiy buyurtmachilar bilan ishlash jarayonida yuzaga keladigan ayrim soliq masalalari bo‘yicha kompaniya vakillariga zarur tushuntirish va tavsiyalar berildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha IT Park Uzbekistan va Vention kompaniyaning eksport ko‘rsatkichlarini oshirish, xalqaro bozorlardagi o‘rnini kengaytirish va O‘zbekistonga xorijiy loyihalarni jalb etish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan bir qator qo‘shma tadbirlarni belgilab oldi.
2026-09-12