Janubiy Koreyaga tashrif yakunlari: yangi hamkorliklar, investitsiyalar va eksport imkoniyatlari

1–3-iyun kunlari IT Park Uzbekistan delegatsiyasi direktor Azamat Karamatov boshchiligida Koreya Respublikasiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida delegatsiya yetakchi texnologik va geymdev kompaniyalari, investitsiya tashkilotlari, venchur assotsiatsiyalari hamda innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash institutlari vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Shuningdek, Koreyada muvaffaqiyatli ravishda o‘z startaplarini rivojlantirayotgan va yirik IT kompaniyalarda muhim lavozimlarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlar bilan ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar yakunlariga ko‘ra, qo‘shma tashabbuslarni ishga tushirish, Koreya kompaniyalarining O‘zbekistondagi ishtirokini kengaytirish va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Startap ekotizimini rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish

Tashrif doirasida Korea Venture Capital Association (KVCA) bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar O‘zbekiston startaplarini Koreya venchur ekotizimiga integratsiya qilish, qo‘shma akseleratsiya dasturlarini tashkil etish, Demo Day tadbirlarini o‘tkazish, koinvestitsiya instrumentlarini rivojlantirish hamda AI, FinTech, SaaS va DeepTech yo‘nalishlaridagi loyihalarni xalqaro bozorlarga olib chiqish masalalariga bag‘ishlandi.

SparkLabs bilan uchrashuv O‘zbekiston startaplari uchun Janubiy Koreyada akseleratsiya dasturini ishga tushirish masalasiga bag‘ishlandi. Mazkur dastur joriy yilning uchinchi choragida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Dastur doirasidagi birinchi bosqichda O‘zbekistondan beshtagacha istiqbolli startap saralab olinishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Janubiy Koreyaning eng yirik moliyaviy-investitsiya guruhlaridan biri bo‘lgan Mirae Asset Financial Group vakillari bilan alohida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar davomida tomonlar IT Park Uzbekistan ishtirokida O‘zbekistonning istiqbolli startaplari va texnologik loyihalarini moliyalashtirish uchun qo‘shma fond tashkil etish imkoniyatini muhokama qildi.

Fond tashkil etilishi O‘zbekiston startaplarining xalqaro venchur kapitaliga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi investitsion hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, venchur investitsiyalar va innovatsion ekotizimni rivojlantirish sohasida ikki tomonlama hamkorlikning yangi yo‘nalishini ochishga xizmat qilishi mumkin.

Bundan tashqari, Koreya Respublikasi hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan va avval Born2Global Centre nomi bilan tanilgan Global Digital Innovation Network (GDIN) tashkiloti bilan muzokaralar o‘tkazildi. GDIN texnologik kompaniyalarni xalqaro bozorlarga olib chiqishga ko‘maklashadi va bugungi kunga qadar 3 mingdan ortiq startap hamda IT kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlagan.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston startaplarini qo‘llab-quvvatlash, jumladan, ularni Koreya va xalqaro bozorlarga olib chiqish, B2B uchrashuvlarini, pilot loyihalarni va akseleratsiya dasturlarini tashkil etish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, innovatsion yechimlarni global bozorlar talablariga moslashtirish mexanizmlari va O‘zbekiston hamda Koreya Respublikasi texnologik ekotizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunlariga ko‘ra, tomonlar startaplarni qo‘llab-quvvatlash va ikki mamlakat startap hamjamiyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy qadamlarni belgilab beruvchi MOU va Roadmap hujjatlarini ishlab chiqishga kelishib oldi.

BPO yo‘nalishini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish

Asosiy yo‘nalishlardan biri BPO va IT xizmatlar eksporti sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘ldi. KS JOB INC. kompaniyasi bilan O‘zbekistondagi faoliyatni kengaytirish, koreys va yapon tillarini biladigan mutaxassislarni tayyorlash, shuningdek, AI Contact Center va BPO loyihalarini ishga tushirish masalalari muhokama qilindi. Kompaniya o‘zbek yoshlarini koreys tiliga o‘qitishni va Janubiy Koreya buyurtmalari ustida ishlash uchun 500 nafargacha mutaxassisni jalb etishni rejalashtirmoqda. Uchrashuv yakunida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Shuningdek, MetaM kompaniyasi rahbariyati bilan alohida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar davomida BPO buyurtmalarini O‘zbekistonga yo‘naltirish, mamlakatda kompaniyaning QA-ofisini ochish, shuningdek, dasturiy ta’minotni testlash sohasida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Kompaniya, shuningdek, O‘zbekiston bozori negizida sun’iy intellektga yo‘naltirilgan servislar va kontakt-markazlarni rivojlantirishga qiziqish bildirdi.

IT Park Uzbekistan, shuningdek, Hyundai AutoEver, Acryl AI va boshqa koreys IT kompaniyalari ishtirokida davra suhbati tashkil etdi. Ishtirokchilarga biznes yuritish sharoitlari va IT Park rezidentlari uchun mavjud qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etildi. Tomonlar biznesni lokalizatsiya qilish, kadrlarni jalb etish va hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Bir qator kompaniyalar O‘zbekiston bozoriga kirish va AI, IT autsorsing hamda dasturiy ta’minot ishlab chiqish yo‘nalishlarida loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi. Xususan, Hyundai AutoEver mintaqadagi Kia loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekistonda ofis ochish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

GameDev va kreativ industriyani qo‘llab-quvvatlash

Dasturning muhim qismi Korea Creative Content Agency (KOCCA) bilan uchrashuv bo‘ldi. Tomonlar O‘zbekistondagi o‘yin loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va mahalliy ishlab chiquvchilar mahsulotlarini Osiyo bozorlariga olib chiqish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Shuningdek, Koreyada o‘zbek geymdev kompaniyalari uchun akseleratsiya dasturlarini yo‘lga qo‘yish, mahsulotlarni Koreya bozori talablariga moslashtirish va o‘yinlarni mintaqada yanada targ‘ib qilishni o‘z ichiga olgan o‘yin industriyasi sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Alohida e’tibor KOCCA ekspertlari ko‘magida O‘zbekiston o‘yin sektori rivoji uchun uzoq muddatli strategiyani birgalikda ishlab chiqishga qaratildi.

Bundan tashqari, IT Park Uzbekistan Koreya kreativ industriyasi vakillari bilan davra suhbati tashkil etdi. Unda GameDev, raqamli kontent, animatsiya va media sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalar ishtirok etdi. Tadbirda Proxy Planet, FitFuns, Soda Production, Studio Popcorn, Nevith Games va Latis Global Communications kompaniyalari qatnashdi. Ishtirokchilar kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, o‘zbek loyihalarini xalqaro bozorlarda targ‘ib qilish hamda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Robototexnika va sun’iy intellekt

Tashrif doirasida ROBOTIS kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Kim Byon Su bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar robototexnika va sun’iy intellekt sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari, tadqiqot va ta’lim dasturlarini yaratish, shuningdek, O‘zbekistonda robototexnika infratuzilmasini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Kompaniya O‘zbekistonda yangi avlod robotlari va gumanoidlarini ishlab chiqarish zavodi qurilishini boshladi. Loyiha sun’iy intellekt, dasturiy ta’minot ishlab chiqish va boshqa yuqori texnologik yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi mutaxassislar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratadi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar O‘zbekistonda ROBOTIS faoliyati uchun sun’iy intellekt va IT sohalarida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik memorandumini (MoU) imzoladi. Ushbu tashabbusni amalga oshirish yuqori texnologik eksportni rivojlantirish va mamlakatning eksport salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Koreyadagi o‘zbek IT hamjamiyati bilan hamkorlik

Tashrif doirasida IT Park Uzbekistan vakillari Janubiy Koreyada faoliyat yuritayotgan o‘zbek mutaxassislari, tadbirkorlari va startap asoschilari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ishtirokchilar vatandoshlarning texnologik hamjamiyati bilan aloqalarni mustahkamlash, O‘zbekistonga investitsiyalarni jalb qilish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Alohida ravishda Land of Startups tashabbusi taqdim etildi. Ushbu tashabbus xalqaro startaplarni O‘zbekistonga jalb qilish, shuningdek, mamlakatda biznesni yo‘lga qo‘yish, relokatsiya qilish va kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan. Shuningdek, IT Park hamkorlik dasturini taqdim etdi. Mazkur dastur xorijdagi vatandoshlarga Koreya kompaniyalari orasida o‘zbek IT mahsulotlari va xizmatlarini hamkorlik hamda bonus mexanizmlari orqali targ‘ib qilish imkonini beradi.

Tashrif yakunlariga ko‘ra, erishilgan kelishuvlar investitsiyalarni jalb qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, IT eksportini rivojlantirish, malakali mutaxassislarni tayyorlash hamda O‘zbekistonning mintaqadagi texnologik hab sifatidagi pozitsiyasini mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

 

 

2026-06-05