O‘zbekiston va Latviya Toshkentdagi biznes-forumda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishni muhokama qildi

5-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston–Latviya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Forum ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlandi. Tadbir O‘zbekiston va Latviyaning davlat tuzilmalari, biznes hamjamiyati hamda texnologik sanoat vakillarini birlashtirdi.

Forumda O‘zbekiston va Latviya davlat idoralari, biznes doiralari vakillari, shuningdek, IT Park Uzbekistan vakillari ishtirok etdi. Tadbirda temiryo‘l infratuzilmasi, port logistikasi, telekommunikatsiya, transport xizmatlari va qurilish texnologiyalari sohalarini ifodalovchi Latvijas dzelzceļš, Ventspils Free Port, Elektroniskie sakari, Intellog va MGK Building kabi 20 dan ortiq Latviya kompaniyalari ham qatnashdi.

Forum doirasida IT Park Uzbekistan vakillari mamlakat texnologik ekotizimi bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari hamda O‘zbekistonda IT-biznesni rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berdi.

IT Park Uzbekistan xalqaro hamkorlik departamenti rahbari Dildora Nasibullayeva taqdimot bilan chiqish qilib, O‘zbekistonda texnologik biznesni rivojlantirish va xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik qilish uchun mavjud salohiyatni taqdim etdi. U mamlakatda IT-biznesni kengaytirish va kompaniyalarning yangi bozorlarga chiqishi uchun qulay sharoitlar yaratilayotganini ta’kidladi.

“Bugun O‘zbekiston o‘zini Yevropa va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi strategik raqamli platforma sifatida namoyon qilmoqda. Bizning maqsadimiz — nafaqat ichki o‘sish, balki texnologiyalar, iste’dodlar va zamonaviy infratuzilma orqali global qiymat zanjirlariga to‘liq integratsiya qilish”, — dedi u.

Shuningdek, IT Park Uzbekistan tomonidan O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida texnologik hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator tashabbuslar ham ilgari surildi. Xususan, Latviya kompaniyalarining xorijiy bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, sun’iy intellekt sohasida mutaxassislar tayyorlash va ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, venchur investitsiyalar va innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish taklif qilindi.

Forum davomida B2B va B2G uchrashuvlari ham o‘tkazildi. Unda kompaniyalar va davlat tuzilmalari vakillari hamkorlik istiqbollari hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Latviya tomoni bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan uchun eksport geografiyasini kengaytirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish hamda O‘zbekistonning Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi strategik raqamli platforma sifatidagi mavqeini mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

 

2026-03-11