O‘zbekiston va Malayziya texnologiyalar va investitsiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi, tarkibiga Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda IT Park Uzbekistan vakillari kirgan O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi investitsiya va texnologik hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Malayziyaga amalga oshirilgan rasmiy tashrifni yakunladi. Mazkur tashrif O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida investitsiya, biznes hamda texnologik hamkorlikni rivojlantirishga qaratildi.

Tashrif doirasida “Uzbekistan–Malaysia Business Cooperation Forum: Do Business in Syrdarya” biznes-forumi tashkil etildi. Forumda Malayziyaning kichik va o‘rta biznes vakillari hamda texnologik tadbirkorlarni o‘z ichiga olgan 170 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

Forum davomida ishtirokchilarga Sirdaryo viloyatining ishbilarmonlik muhiti, investorlar uchun mavjud imkoniyatlar, IT Park Uzbekistan a’zoligining afzalliklari, xavfsiz biznes yuritish sharoitlari hamda mintaqada startap ekotizimining rivojlanishi haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

Shuningdek, tashrif davomida Malayziyaning yetakchi biznes va texnologiya tashkilotlari — Contact Center Association of Malaysia, National Tech Association of Malaysia, Asian-Oceanian Computing Industry Organization va Global Business Services Malaysia bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Tomonlar raqamli texnologiyalar, autsorsing va IT-xizmatlarni rivojlantirish sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Alohida e’tibor GOBI Partners investitsiya kompaniyasi raisi Tomas G. Tsao bilan o‘tkazilgan uchrashuvga qaratildi. Muzokaralar yakunida O‘zbekiston startaplariga sarmoya kiritishga yuqori qiziqish bildirildi.

Bugungi kunda Sirdaryo viloyatida 12 ta Malayziya kompaniyasi o‘z ofislarini ochgan bo‘lib, ularning soni yanada oshishi kutilmoqda. Tashrif yakunlari IT Park Uzbekistan uchun xalqaro investorlarni jalb qilish, hamkorlik tarmog‘ini kengaytirish va o‘zbek startaplarini global bozorlarga integratsiya qilish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda.

2026-02-02