O‘zbekiston va Pokiston IT sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Pokiston Davlat vaziri Bilol bin Saqib bilan uchrashdi. Tomonlar IT, sun’iy intellekt, IT xizmatlari eksporti, startaplar va investitsiyalar sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

Alohida e’tibor Pokistonning IT bozori va uning inson kapitaliga — IT mutaxassislari, frilanserlar hamda texnologik kompaniyalarga qaratildi. Tomonlar ikki mamlakat IT hamjamiyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri frilansni rivojlantirish bo‘ldi. Bunda xizmat ko‘rsatishdan o‘z raqamli mahsulotlari va texnologik kompaniyalarini yaratishga o‘tish masalasi muhokama qilindi. Shu yo‘nalishda O‘zbekiston va Pokiston qo‘shma startaplarni rivojlantirish, venchur investitsiyalarni jalb qilish hamda xalqaro bozor uchun mahsulotlar yaratishi mumkin.

Qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va ta’lim sohalari ham qo‘shma loyihalar uchun istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

Uchrashuvning muhim mavzularidan yana biri Pokistonning IT kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish bo‘ldi. Tomonlar O‘zbekistondan Markaziy Osiyo va MDH bozorlariga chiqish platformasi sifatida foydalanish imkoniyatiga qiziqish bildirdilar.

Uchrashuv doirasida Pokiston tomoniga Zero Risk dasturining imkoniyatlari ham taqdim etildi. Mazkur dastur IT kompaniyalariga, jumladan, hududlarda faoliyatini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashish imkonini beradi. Xususan, dastur ofis binolari va zarur jihozlarni taqdim etish, kadrlar tayyorlashda ko‘maklashish, ayrim xalqaro IT sertifikatlari uchun xarajatlarni qoplash hamda soliq imtiyozlarini nazarda tutadi.

Tomonlar IT xizmatlari eksportini rivojlantirish masalasini ham muhokama qildilar. Mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar qatorida pokistonlik mutaxassislarning O‘zbekistondagi loyihalarda ishtirok etishi, jamoalar o‘rtasida tajriba almashish hamda ikki mamlakat kompaniyalarining uchinchi bozorlar uchun birgalikda ishlashi qayd etildi.

Uchrashuvning davomi sifatida Pokiston delegatsiyasi uchun IT Park Uzbekistan faoliyati bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Mehmonlarga xorijiy va mahalliy texnologik kompaniyalar uchun yaratilgan imkoniyatlar, IT xizmatlari eksportini rivojlantirish hamda startaplarni qo‘llab-quvvatlash choralari haqida ma’lumot berildi.

Bundan tashqari, delegatsiya UZINFOCOMga tashrif buyurib, kompaniyaning yirik raqamli loyihalarni amalga oshirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, axborot tizimlari va platformalarini ishlab chiqish borasidagi tajribasi bilan tanishdi.

IT Park Uzbekistan uchun Pokiston bilan hamkorlikni rivojlantirish yangi texnologik kompaniyalarni jalb qilish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va IT xizmatlari eksportini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Shuningdek, ikki mamlakat startaplari, IT mutaxassislari va venchur investorlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, kompaniyalarning Markaziy Osiyo va boshqa mintaqalar bozorlariga birgalikda chiqishi ham katta salohiyatga ega.

 

2026-08-26