IT Park Uzbekistan vakillari Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) Ishbilarmonlar kengashi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. ShHT Ishbilarmonlar kengashi delegatsiyasi direktor o‘rinbosari Yao Tszyantao, MOX loyihalarda ishtirok etish departamenti ijrochi direktori Sun Tsi hamda O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori Szyan Hao tomonidan taqdim etildi.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston IT-startaplariga investitsiya kiritish imkoniyatlari, shuningdek, raqamli infratuzilma, ma’lumotlar markazlari va R&D yo‘nalishlarini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar. Shuningdek, texnologik kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda startaplarning xalqaro bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

ShHT Ishbilarmonlar kengashi vakillari O‘zbekiston IT-startaplari tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarga nisbatan dastlabki investitsiya qiziqishini bildirdi. Xususan, elektron xaritalar va mobil kartografik servislar, davlat axborot platformalari, transport va tibbiyot axborot tizimlari sohasidagi istiqbolli yechimlar ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, ishtirokchilar hisoblash quvvatlari, energiya ta’minoti va operatsion infratuzilmani birlashtiruvchi kompleks texnologik loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Alohida yo‘nalish sifatida tadqiqot va ishlanmalar (R&D) sohasidagi hamkorlik, texnologik yechimlarni rivojlantirish, shuningdek, o‘zbekistonlik startaplar tomonidan yaratilayotgan IT-xizmatlar va mahsulotlarning xalqaro ekspansiyasi hamda eksportini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ShHT Ishbilarmonlar kengashi vakillariga IT-startaplarga investitsiya kiritish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda muhokama qilishni davom ettirish tavsiya etildi.
ShHT Ishbilarmonlar kengashi bilan hamkorlik O‘zbekistonning istiqbolli IT-startaplariga xalqaro moliyalashtirishni jalb etish, texnologik va raqamli infratuzilmani rivojlantirish, shuningdek, o‘zbekistonlik startaplarning xalqaro bozorlarga chiqishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
2026-08-11