Staff Arabia va IT Park Uzbekistan IT-kompaniyalarning MENA bozorlariga chiqishi uchun hamkorlikni rivojlantirish masalasini muhokama qildi

IT Park Uzbekistan texnologik kompaniyalarning tashqi bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalqaro hamkorlikni kengaytirishda davom etmoqda. Global Business Services Forum 2026 (GBSF 2026) doirasida Eksportni rivojlantirish departamenti rahbari Azamat Rahmon-Zoda boshchiligidagi IT Park Uzbekistan delegatsiyasi Staff Arabia kompaniyasi bosh direktori va boshqaruvchi hamkori Iyad Hafez bilan uchrashdi. Tomonlar Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika (MENA) bozorlariga chiqayotgan kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun HR-autsorcing va boshqa kadrlar xizmatlari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Staff Arabia bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan rezidentlariga MENA mintaqasidagi yetakchi HR va EOR-xizmatlari provayderlaridan birining tajribasidan foydalanish, shu orqali xorijiy bozorlarda ishga yollash, xodimlarni boshqarish va biznesni kengaytirish jarayonlarini soddalashtirish imkonini beradi.

2010-yilda tashkil etilgan Staff Arabia MENA mintaqasida HR-autsorcing va xodimlarni yollash (Staffing) xizmatlari bo‘yicha yetakchi provayderlardan biridir. Kompaniya 150 dan ortiq korporativ mijozlarga xizmat ko‘rsatadi va Misr, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Shimoliy Afrika hamda Levantda faoliyat yuritadi. Shuningdek, Afrika, Bolqon va Markaziy Osiyoda ham loyihalarni rivojlantirib kelmoqda.

Uchrashuv davomida tomonlar IT Park Uzbekistan rezident kompaniyalarining Misr va boshqa MENA mamlakatlari bozorlariga kirib borishida Staff Arabia tajribasidan foydalanish masalasini muhokama qildi. Mutaxassislarni tanlash, ish haqi hisob-kitobi (payroll), xodimlarni boshqarish va back-office jarayonlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, tomonlar uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish niyatini mustahkamlovchi Anglashuv memorandumini (MoU) imzoladi. Hujjatda kadrlar xizmatlarini rivojlantirish, mutaxassislarning xalqaro harakatchanligini qo‘llab-quvvatlash va texnologik kompaniyalarning tashqi bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish bo‘yicha hamkorlik ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Staff Arabia’ning Markaziy Osiyodagi faoliyatini kengaytirish istiqbollari hamda O‘zbekistonning HR-xizmatlari va global biznes-servislarni rivojlantirish uchun mintaqaviy platforma sifatidagi salohiyati muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini tasdiqlab, IT Park Uzbekistan rezidentlarining xalqaro miqyosda kengayishini qo‘llab-quvvatlashga hamda HR-autsorcing va global biznes-servislar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqishni davom ettirishga kelishib oldi.

 

2026-07-27