ICT WEEK Uzbekistan 2026 hamda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Texnologiyalar forumi doirasida tashkilotga a’zo mamlakatlarning yetakchi texnoparklari va innovatsion ekotizimlari vakillari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov boshchiligidagi delegatsiya, shuningdek, IDDA (Ozarbayjon), Astana Hub (Qozog‘iston), Bilişim Vadisi (Turkiya) va High Technology Park of the Kyrgyz Republic vakillari ishtirok etdi.

Muhokamalarda IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov, Astana Hub CEO’si Magzhan Madiyev, Astana Hub Ventures CEO’si Aidana Bergazdenova, High Technology Park of the Kyrgyz Republic CEO o‘rinbosari Chubak Temirov, Bilişim Vadisi xalqaro aloqalar bo‘yicha direktori Sezen Güngör, shuningdek, IDDA Kuzatuv kengashi raisi o‘rinbosari Shahin Aliyev qatnashdi.
Uchrashuvning asosiy mavzusi TDT mamlakatlari texnologik ekotizimlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlik mexanizmlarini rivojlantirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, ularning yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish hamda texnologik kompaniyalarning xalqaro miqyosda rivojlanishi uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘ldi.
Ishtirokchilar startup mobility mexanizmlari va soft landing dasturlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Ushbu tashabbuslar TDT mamlakatlari startaplariga tashkilotga a’zo boshqa davlatlar bozorlariga chiqishda ko‘mak olish, mahalliy innovatsion ekotizimlar bilan yaqindan tanishish va potensial hamkorlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.
Shuningdek, texnoparklar o‘rtasidagi hamkorlikning umumiy ramkaviy dasturini shakllantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar ustuvor tashabbuslar, muvofiqlashtirish mexanizmlari hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni ko‘rib chiqdilar.
Muhokamalarning yana bir muhim yo‘nalishi startaplarning moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘ldi. Ishtirokchilar investorlar tarmog‘ini rivojlantirish, qo‘shma investitsiya mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish hamda TDT hududidagi texnologik loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shma investitsiya vositalarini shakllantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Davra suhbati a’zo davlatlar texnoparklari o‘rtasida tajriba almashish, mintaqaviy texnologik hamkorlikni mustahkamlash va o‘zaro bog‘langan innovatsion ekotizimni rivojlantirishga qaratilgan amaliy mexanizmlarni muhokama qilish uchun muhim platforma bo‘ldi.
2026-09-25