IT Park Uzbekistan rezidenti Timsoh kompaniyasi talabalar va IT mutaxassislari uchun bepul ta’lim tashabbusini yo‘lga qo‘yganini e’lon qildi. Loyiha O‘zbekiston va Rossiyaning yetakchi texnologik kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Dastur doirasidagi ilk ikki tadbirga 2 mingdan ortiq kishi ro‘yxatdan o‘tdi.
Timsoh — MDH mamlakatlari, Yevropa Ittifoqi hamda MENA mintaqasida loyihalarni amalga oshiradigan IT Park Uzbekistan rezidenti. Kompaniya 460 dan ortiq hamkorlar bilan ishlaydi, ular orasida Rossiya va Osiyoning yetakchi dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilari hamda open-source hamjamiyati vakillari mavjud. Timsoh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari — sanoat, moliya sektori va retail (chakana savdo) uchun loyihalar.
Dastlabki tadbir Linux operatsion tizimi bo‘yicha mutaxassislar uchun Uzum kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan onlayn uchrashuv bo‘ldi. Unda 600 dan ortiq kishi ro‘yxatdan o‘tdi. Mintaqaning yirik texnologik kompaniyalari vakillari IT-infratuzilmadagi murakkab nosozliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashib, o‘z professional faoliyatlaridan misollar keltirdi.
Ikkinchi loyiha AI Boostcamp bo‘lib, u O‘zbekiston va Rossiya talabalari uchun sun’iy intellekt mahsulotlarini ishlab chiqishga bag‘ishlangan intensiv dastur sifatida K2 NeyroTex bilan hamkorlikda tashkil etildi. Dastur qariyb 1,5 ming ishtirokchini birlashtirdi va ta’lim bosqichi, AI-agentlar prototiplarini yaratish bo‘yicha jamoaviy ish hamda Moskvadagi oflayn final bosqichini o‘z ichiga oldi.
Kompaniya vakillarining ta’kidlashicha, tashabbusning asosiy e’tibori amaliy ko‘nikmalar va mutaxassislar ish jarayonida duch keladigan real vazifalarni tahlil qilishga qaratilgan. Timsohning qayd etishicha, ilk tadbirlarga bo‘lgan yuqori qiziqish bunday ta’lim formatlariga bozor talabining yuqoriligini tasdiqlaydi.
Bunday tashabbuslarning rivojlanishi O‘zbekiston IT sohasining kadrlar salohiyatini mustahkamlashga, mutaxassislarning professional rivojlanish imkoniyatlarini kengaytirishga hamda IT Park Uzbekistan’ning mamlakat texnologik ekotizimini rivojlantirish va soha uchun malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha vazifalarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
2026-06-10