Ostonaga ishchi tashrif doirasida IT Park Uzbekistan eksportni rivojlantirish bo‘limi direktori Jahongir Kagirov startap ekotizimlarini rivojlantirish, sun’iy intellekt va xalqaro texnologik hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan AI Startup Ecosystem Development panel sessiyasida ishtirok etdi.
Tashrif doirasida Cyber Temple va DataMatrix Corp vakillari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazilib, hamkorlikning amaliy formatlari, geymdev sohasini rivojlantirish hamda texnologik kompaniyalarning O‘zbekistondagi faoliyatini yanada kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Cyber Temple bosh direktori Olzhas Akparov bilan uchrashuvda asosiy e’tibor o‘yin industriyasini rivojlantirishga qaratildi. Astana Hub ishtirokchisi va DarkSwitch o‘yini ishlab chiquvchisi bo‘lgan Qozog‘iston studiyasi o‘zbekistonlik o‘yin ishlab chiquvchilari va pablisherlariga konsultativ ko‘mak ko‘rsatish, shuningdek, IT Park akseleratsiya dasturlarida tashqi ekspert sifatida ishtirok etishni taklif qildi.
Shuningdek, alohida pablishing yo‘nalishini rivojlantirish masalasi muhokama qilindi. IT Park geymdev fondi faoliyati haqida ma’lumot berib, uning keyingi rivojlanish bosqichlaridan biri o‘yin loyihalarini nashr etish va xalqaro bozorlarda ilgari surishni qo‘llab-quvvatlash bo‘lishi mumkinligini qayd etdi. Bunda sohada yangi ish o‘rinlarini yaratish asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Cyber Temple O‘zbekiston studiyalari uchun moslashtirilishi mumkin bo‘lgan yondashuvlar bilan ham o‘rtoqlashdi. Xususan, Sharqiy Yevropa tajribasi, keyingi saralash uchun 50 ga yaqin istiqbolli PC-loyihadan iborat portfolio shakllantirish, shuningdek, o‘yinlarni ishlab chiqish va bozorga chiqarish jarayonini tezlashtirish maqsadida ishlab chiqarish jarayonlarini soddalashtirish masalalari muhokama qilindi.
Yana bir yo‘nalish o‘zbekistonlik loyihalarning xalqaro bozorlarga chiqishi bilan bog‘liq bo‘ldi. IT Park Koreya va Yaponiya bozorlariga kirishda ko‘maklashish imkoniyatlari, shuningdek, o‘yin kompaniyalari bilan ishlashning turli modellari, jumladan equity, venchur va qarz moliyalashtirish mexanizmlarini taqdim etdi.
Geymdev infratuzilmasini rivojlantirish doirasida studiyalar zarur uskunalar, jumladan devkitlar, ish joylari va boshqa infratuzilmadan foydalanishi mumkin bo‘lgan ixtisoslashtirilgan hub yaratish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Shuningdek, Zero Risk va Local to Global qo‘llab-quvvatlash dasturlari haqida ma’lumot berildi.
Keyingi bosqichda tomonlar IT Park imkoniyatlari va amaldagi o‘yin loyihalari bo‘yicha ma’lumot almashishni rejalashtirmoqda. Shundan so‘ng mos hamkorlik formatlarini belgilash va muzokaralarni onlayn tarzda davom ettirish ko‘zda tutilgan.
Yana bir uchrashuv DataMatrix Corp bilan o‘tkazildi. Kompaniya hozirda mahalliy hamkor orqali O‘zbekiston bozorida faoliyat yuritmoqda, jumladan bank sektori bilan pilot loyihalarni amalga oshirmoqda va mamlakatdagi faoliyatini yanada kengaytirishni ko‘rib chiqmoqda. Loyihalar soni 3–5 taga yetgach, kompaniya O‘zbekistonda o‘z ofisini ochishni rejalashtirmoqda.
IT Park Uzbekistan bilan uchrashuvda Zero Risk dasturi orqali qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini kengaytirish, mutaxassislarni izlash va yollashga ko‘maklashish, shuningdek, kompaniyaning akseleratsiya va o‘quv dasturlarida ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Keyingi qadam sifatida DataMatrix Corp’ni tegishli yuridik va konsalting mutaxassislari bilan bog‘lash, shuningdek, kompaniyani IT Park’ning tadbirlar va yangi imkoniyatlar haqidagi axborot tarqatmalariga qo‘shish rejalashtirilgan.
2026-10-06