Enterprise Uzbekistan jamoasi Singapurga amalga oshirgan ishchi tashrifini yakunladi. Tashrif doirasida mamlakatning texnologiyalar, investitsiyalar va huquqiy soha vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Muzokaralarda bulutli infratuzilma, venchur kapitali, biznesni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, huquqiy arxitektura hamda xalqaro bozorlarga chiqish masalalari muhokama qilindi. Ushbu uchrashuvlar Enterprise Uzbekistan’ga maxsus texnologik yurisdiksiya sifatida xalqaro biznes hamjamiyati tomonidan qiziqish tobora ortib borayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Enterprise Singapore: biznesni qo‘llab-quvvatlashning yetuk modeli
Enterprise Singapore tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha dunyodagi eng nufuzli davlat agentliklaridan biri hisoblanadi. Tashkilot ko‘p yillar davomida kompaniyalarning xalqaro bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha samarali tizimni shakllantirib, biznes missiyalari, B2B uchrashuvlari, sohaviy dasturlar va eksportni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yo‘lga qo‘ygan.
Enterprise Uzbekistan jamoasi Enterprise Singapore vakillari bilan biznesni qo‘llab-quvvatlash, eksportni rivojlantirish va innovatsiyalarni rag‘batlantirish bo‘yicha tajriba almashdi. Muzokaralarda kompaniyalarni rivojlanishining turli bosqichlarida qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ko‘rib chiqildi hamda ikki tashkilot o‘rtasidagi amaliy hamkorlik yo‘nalishlari, jumladan qo‘shma biznes missiyalari va B2B formatidagi tadbirlarni tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.
Alibaba Cloud: huquqiy muhit eng muhim omillardan biri
Global bulutli xizmatlar provayderlari uchun ma’lumotlarni qayerda saqlash masalasi faqat texnik jihat bilan cheklanmaydi. Bu masala huquqiy tartibga solish, me’yoriy talablar va kompaniyaning ishonchliligi bilan ham bevosita bog‘liq.
Shu sababli Enterprise Uzbekistan va Alibaba Cloud o‘rtasidagi uchrashuv aynan ma’lumotlarni lokalizatsiya qilish, transchegaraviy ma’lumotlar almashinuvi hamda xalqaro texnologik kompaniyalar uchun zamonaviy huquqiy muhit qanday bo‘lishi kerakligi masalalariga bag‘ishlandi.
Enterprise Uzbekistan tomonidan taklif etilayotgan model O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga zid bo‘lmagan qismida ingliz va uels huquqi elementlariga asoslangan maxsus huquqiy rejim hamda 2100-yilgacha kafolatlangan huquqiy barqarorlik tizimiga tayanadi. Aynan shunday yondashuv Alibaba Cloud kabi global kompaniyalar ehtiyojlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, muzokaralar davomida ushbu huquqiy model xalqaro biznes tomonidan to‘g‘ri qabul qilinayotgani tasdiqlandi.
Tencent Cloud: bulutli infratuzilma, sun’iy intellekt va ASEAN bozoriga yo‘l
Tencent Cloud mintaqadagi eng yirik bulutli xizmatlar provayderlaridan biri bo‘lib, bulutli infratuzilma, sun’iy intellekt yechimlari hamda dunyodagi eng yirik o‘yin ishlab chiqish ekotizimlaridan birini qamrab oladi.
Uchrashuv davomida tomonlar ushbu yo‘nalishlarda hamkorlik qilish imkoniyatlarini, shuningdek, Singapurni O‘zbekiston kompaniyalari uchun ASEAN mamlakatlari bozoriga chiqish platformasi sifatida qo‘llash istiqbollarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston texnologik kompaniyalari uchun Janubi-Sharqiy Osiyo bozori o‘zining hajmi va yuqori raqamli rivojlanish darajasi bilan katta qiziqish uyg‘otadi. Biroq ushbu bozorga muvaffaqiyatli kirish rivojlangan infratuzilma va ishonchli mahalliy hamkorlarni talab qiladi. Tencent Cloud’ning mintaqaviy tarmog‘i ana shunday imkoniyatlarni yaratishi mumkin.
Singapurning venchur ekotizimi: o‘zbek startaplari uchun yangi imkoniyatlar
Shuningdek, Singapur venchur hamjamiyati vakillari bilan alohida uchrashuv o‘tkazildi.
Tomonlar xalqaro bozorlarga chiqish dasturlari, mentorlik formatlari, B2B uchrashuvlari hamda Osiyodagi eng yirik startap va texnologik tadbirlardan biri hisoblangan SWITCH konferensiyasida ishtirok etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Singapur ko‘p yillar davomida startaplarni global investorlar bilan bog‘laydigan samarali infratuzilmani shakllantirgan. Muzokaralarda o‘zbek startaplarining ushbu ekotizimga bevosita kirishini ta’minlaydigan amaliy mexanizmlar ko‘rib chiqildi.
JWS Law Firm: xalqaro standartlarga javob beradigan huquqiy model
Har qanday kompaniyaning yangi yurisdiksiyaga kirishi huquqiy ekspertiza bilan boshlanadi.
Shu nuqtai nazardan Enterprise Uzbekistan jamoasi xalqaro tijorat loyihalarini huquqiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan JWS Law Firm vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Mutaxassislar Enterprise Uzbekistan’ning huquqiy arxitekturasini, jumladan ingliz va uels Common Law tizimi elementlariga asoslangan huquqiy rejimni, alohida sud va arbitraj infratuzilmasini hamda xalqaro investorlar va kompaniyalar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini batafsil ko‘rib chiqdilar.
Muhokamalar yakunida JWS Law Firm vakillari Enterprise Uzbekistan’ning huquqiy modeli puxta ishlab chiqilganini, izchil tuzilganini hamda Common Law tizimi bilan ishlovchi xalqaro huquqshunoslar uchun tushunarli va amaliyotga mos ekanini qayd etdilar.
Enterprise Uzbekistan haqida
Enterprise Uzbekistan — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi (International Digital Technology Centre, IDTC).
Markaz maxsus texnologik yurisdiksiya sifatida tashkil etilgan bo‘lib, ingliz va uels Common Law tizimi elementlariga asoslangan maxsus huquqiy rejim asosida faoliyat yuritadi. Enterprise Uzbekistan o‘z qonunchiligiga, mustaqil tartibga solish tizimiga hamda kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazishdan boshlab davlat xizmatlaridan foydalanishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni qamrab oluvchi One-Stop-Shop platformasiga ega.
2026-06-25