20–23-oktabr kunlari IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov boshchiligidagi delegatsiya Fransiya va Germaniyada qator ishbilarmonlik uchrashuvlarini o‘tkazdi. Tashrif dasturi Parij, Myunxen va Berlin shaharlarini qamrab olib, xalqaro texnologiya kompaniyalari, innovatsion markazlar va sohaviy tashkilotlar bilan muzokaralarni o‘z ichiga oldi.
Tashrifning markaziy tadbiri Uzbekistan Outsourcing Conference (UOC Berlin 2026) bo‘lib, unda O‘zbekistonning xalqaro IT va BPO biznesi uchun mavjud salohiyati hamda yaratilgan sharoitlari taqdim etildi.
Ishbilarmonlik dasturining asosiy yo‘nalishlari O‘zbekiston kompaniyalarining Yevropa bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish, Yevropa kompaniyalarini mamlakatga jalb etish, xalqaro startap hamkorliklarini rivojlantirish, xorijiy buyurtmachilar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda kadrlar salohiyatini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
20-oktabr kuni Parij shahrida IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov STATION F vakillari bilan uchrashdi.
Muzokaralar O‘zbekiston startaplarining Fransiya va Yevropaning boshqa bozorlariga chiqishini qo‘llab-quvvatlash, xalqaro akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish hamda venchur investorlar va korporativ hamkorlar bilan bevosita aloqalar o‘rnatishga qaratildi.
Uchrashuvning muhim mavzularidan biri STATION F hududida O‘zbekiston innovatsion markazini tashkil etish istiqboli bo‘ldi. Mazkur tashabbus mahalliy texnologik loyihalarni xalqaro miqyosda ilgari surish va ularning Yevropa startap ekotizimiga integratsiyalashuviga xizmat qilishi mumkin.
Muhokama etilgan tashabbuslar o‘zbekistonlik tadbirkorlarning xalqaro aloqalarini kengaytirish hamda Yevropa texnologiya hamjamiyati bilan hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini shakllantirishga qaratilgan.
21-oktabr kuni Myunxen shahrida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi xalqaro kompaniyalar va sohaviy uyushmalar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Asosiy e’tibor o‘zbekistonlik mutaxassislarni xorijiy loyihalarga jalb qilish, texnologik autsorsing ko‘lamini oshirish va mahalliy IT kompaniyalarini xalqaro xizmat ko‘rsatish zanjirlariga integratsiyalash masalalariga qaratildi.
Axl Brains bilan uchrashuvda O‘zbekistonda malakali mutaxassislarni tanlash va texnik jamoalarni shakllantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Keyingi bosqichda Talent Acquisition yo‘nalishidagi hamkorlikni qayta faollashtirish va kompaniyaning kadrlarga bo‘lgan dolzarb ehtiyojlarini aniqlashtirish rejalashtirilmoqda.
ABSL DACH bilan muzokaralarda O‘zbekistonni xalqaro autsorsing xizmatlari va global kompetensiyalar markazlarini (GCC) joylashtirish uchun istiqbolli manzil sifatida ilgari surish masalalari muhokama etildi.
Navbatdagi tashabbuslar qatorida uyushmaga a’zo kompaniyalarga mamlakat imkoniyatlarini taqdim etish hamda potensial buyurtmachilar bilan bevosita aloqalar o‘rnatishga xizmat qiluvchi ABSL tadbirlarida ishtirok etish ko‘zda tutilmoqda.
Schwarz Digits bilan muloqot raqamli infratuzilma, bulutli yechimlar va axborot xavfsizligi masalalarini qamrab oldi. Keyingi bosqichda kompaniya ehtiyojlarini o‘rganish va tegishli texnik tajribaga ega IT Park Uzbekistan rezidentlari orasidan salohiyatli ijrochilarni aniqlash nazarda tutilgan.
22-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Germaniyadagi elchixonasida Uzbekistan Outsourcing Conference (UOC Berlin 2026) bo‘lib o‘tdi. Tadbir xalqaro biznes, texnologiya kompaniyalari va turli tashkilotlarning 90 nafardan ortiq vakilini birlashtirdi.
Berlinda uchinchi yil ketma-ket o‘tkazilayotgan ushbu konferensiya Yevropa ishbilarmonlik hamjamiyati va O‘zbekiston texnologiya sohasi vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish uchun muhim platforma vazifasini bajarmoqda.
Dastur kirish nutqlari bilan boshlanib, ishtirokchilarga O‘zbekistonning investitsiyaviy va kadrlar salohiyati, IT Park Uzbekistan taqdim etayotgan sharoitlar, amaldagi davlat qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda xalqaro IT va BPO bo‘linmalarini joylashtirish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Konferensiyaning markaziy qismi “Uzbekistan and Germany: Building the Next Global Services Partnership” (“O‘zbekiston va Germaniya: global xizmatlar sohasida yangi hamkorlikni shakllantirish”) mavzusidagi panel muhokamasi bo‘ldi.
Unda texnologik autsorsing va global biznes xizmatlari orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Panelda Ost-Ausschuss der Deutschen Wirtschaft boshqaruvchi direktori Michael Harms, IT Park Uzbekistan eksportni rivojlantirish bo‘yicha direktori Jahongir Kagirov, CCV vakili Ursula Steinmetz hamda Berlitz vakili Theresa Brox ishtirok etdi.
Dasturning amaliy qismi AttoLabs asoschisi va bosh direktori Gufron Atto chiqishi bilan davom etdi. U tadbirkorlik tajribasi va texnologik biznesni rivojlantirishning o‘ziga xos jihatlari haqida so‘z yuritdi.
Konferensiyada, shuningdek, Deloitte, CIC, davero dialog, nearshorefriends, Berlitz, Fraunhofer IPK, Klarna, Rödl, SCHNEIDER GROUP va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasining Germaniyadagi elchixonasi, Ost-Ausschuss der Deutschen Wirtschaft hamda konferensiya hamkorlari ko‘magida tashkil etilib, ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida professional muloqot va yangi ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishga xizmat qildi.
Berlin dasturining muhim natijalaridan biri IT Park Uzbekistan va Ost-Ausschuss der Deutschen Wirtschaft (Germaniya iqtisodiyotining Sharqiy qo‘mitasi) o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanishi bo‘ldi.
Kelishuv Germaniya ishbilarmonlik hamjamiyati bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekistonning investitsiyaviy va texnologik xizmatlar bozoridagi salohiyatini potensial investorlar hamda buyurtmachilarga taqdim etish, mamlakatda biznes yuritish sharoitlari va mavjud qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida axborot almashish uchun asos yaratadi.
Hamkorlikning asosiy amaliy mexanizmlari sifatida qo‘shma sohaviy tadbirlar o‘tkazish, biznes delegatsiyalar tashriflarini tashkil etish va B2B muzokaralarni yo‘lga qo‘yish belgilandi. Ushbu yo‘nalishlar ikki davlat kompaniyalari o‘rtasida bevosita sheriklik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Yana bir memorandum xalqaro ta’lim kompaniyasi Berlitz bilan imzolandi.
Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri O‘zbekiston BPO sohasi uchun nemis tilini biladigan mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dasturni ishlab chiqish hisoblanadi.
Tashabbus doirasida ta’lim yondashuvlarini nemis tilida xizmat ko‘rsatiladigan bozorlarda faoliyat yurituvchi xalqaro ish beruvchilarning til va kasbiy malaka talablariga moslashtirish nazarda tutilmoqda.
Mazkur tashabbus kelgusida eksportga yo‘naltirilgan servis kompaniyalari uchun ixtisoslashgan kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda O‘zbekiston biznes xizmatlari sanoatining raqobatbardoshligini oshirishga hissa qo‘shishi mumkin.
Konferensiyadan so‘ng IT Park Uzbekistan delegatsiyasi xalqaro kompaniyalar bilan ikki tomonlama maslahatlashuvlarni davom ettirdi.
Muzokaralarda startap infratuzilmasini rivojlantirish, xalqaro servis faoliyatlarini mamlakatga jalb etish va O‘zbekiston IT kompaniyalari ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish istiqbollariga e’tibor qaratildi.
CIC bilan uchrashuvda Toshkentda Venture Café formatini rivojlantirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Ushbu xalqaro platforma startaplar, investorlar, texnologiya kompaniyalari va soha ekspertlarini birlashtiradi.
Tashabbus muntazam ravishda sohaviy tadbirlar o‘tkazish, professional tajriba almashish va mahalliy startap ekotizimining xalqaro aloqalarini kengaytirish uchun maydon yaratishni nazarda tutadi.
CCV bilan muzokaralar esa kontakt-markazlar va mijozlarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan Germaniya kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etish hamda mamlakatda nemis tilida xizmat ko‘rsatadigan jamoalarni shakllantirish istiqbollariga bag‘ishlandi.
2026-10-26