TIIF 2026 — Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Qaramatov xalqaro videoo‘yinlar ishlab chiquvchi Battlestate Games studiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Battlestate Games delegatsiyasiga kompaniyaning Birlashgan Arab Amirliklaridagi Battlestate Games Limited ofisi rahbari Olga Krog boshchilik qildi. Uchrashuv davomida tomonlar kompaniyaning O‘zbekistonda yangi operatsion lokatsiyasini joylashtirish imkoniyatlari, shuningdek, xalqaro GameDev-biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun IT Park ekotizimining afzalliklarini muhokama qildilar.

Battlestate Games — videoo‘yinlar ishlab chiqishga ixtisoslashgan xalqaro studiya va taktik shuter janridagi dunyo yetakchilaridan biri hisoblanadi. Kompaniya 2012-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda 500 nafardan ortiq xodimga ega va dunyoning turli mamlakatlarida oltita ofis faoliyat yuritadi. Kompaniyaning bosh qarorgohi Buyuk Britaniyaning London shahrida joylashgan. Battlestate Games’ning yillik daromadi taxminan 68 million AQSh dollarini tashkil etadi. 2026-yil iyun oyida studiya o‘zining flagman loyihasi — Escape from Tarkov uchun yirik yangilanish va yangi versiyani taqdim etdi. Ushbu yangilanish jahon o‘yin hamjamiyati orasida katta qiziqish uyg‘otdi.
Uchrashuv davomida Battlestate Games vakillari O‘zbekistonda biznes yuritish sharoitlari hamda xalqaro IT-kompaniyalar uchun IT Park ekotizimi taqdim etayotgan imkoniyatlar bilan tanishtirildi. Tomonlarga “yagona darcha” tamoyili asosida tashkil etilgan tashkiliy, infratuzilmaviy va konsalting ko‘magini o‘z ichiga olgan kompleks qo‘llab-quvvatlash choralari, shuningdek, xodimlarni relokatsiya qilish va kompaniyaning mintaqadagi ishtirokini kengaytirish uchun mavjud ofis hamda turar joy yechimlari taqdim etildi.

Alohida e’tibor xalqaro biznes uchun ishlab chiqilgan qo‘llab-quvvatlash dasturlariga, jumladan, Zero Risk va IT Visa dasturlariga, shuningdek, kompaniyalarning O‘zbekiston bozoriga kirishini soddalashtirishga qaratilgan choralarga qaratildi. Battlestate Games vakillari IT Park rezidentlari uchun amal qiladigan soliq imtiyozlari bilan ham tanishdilar. Ular orasida korporativ soliq va QQSdan ozod etilish, jismoniy shaxslar daromad solig‘ining imtiyozli stavkasi hamda kompaniyalarning operatsion xarajatlarini optimallashtirish va global faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan boshqa vositalar mavjud.

Battlestate Games bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan’ga mamlakatning xalqaro GameDev kompaniyalari uchun istiqbolli markaz sifatidagi mavqeini mustahkamlash, raqamli iqtisodiyotga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish hamda mahalliy mutaxassislar va umuman o‘yin industriyasini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratish imkonini beradi.
2026-06-17