Buxoroda LEADERS GROUP TEAM markazining ochilishi bo‘lib o‘tdi

Buxoroda AQShning transport va logistika bozori uchun xizmat ko‘rsatuvchi LEADERS GROUP TEAM BPO markazining ochilish tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, IT Park Uzbekistan direktori Azamat Karamatov va boshqalar ishtirok etdi.

LEADERS GROUP TEAM — AQShning transport va logistika bozori uchun masofaviy outsourcing va BPO xizmatlarini ko‘rsatuvchi xalqaro kompaniya. Kompaniya Buxoroda faoliyat yuritib, ingliz tilini biluvchi mahalliy yoshlarni global logistika loyihalariga jalb qilmoqda.

Asosiy natijalarga ko‘ra, kompaniyaning eksport hajmi 2025-yilda $963,5 mingni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich $1,43 mlnga yetgan. Xizmatlar hajmi esa 2025-yildagi 11,66 mlrd so‘mdan 2026-yilning birinchi yarmida 17,07 mlrd so‘mga oshgan. Shu bilan birga, xodimlar soni 2024-yildagi 1 nafardan bugungi kunda 150 nafargacha ko‘paygan.

Ochilish marosimida BPO markazining faoliyati, kompaniyaning xalqaro bozordagi loyihalari va kelgusidagi rivojlanish rejalari taqdim etildi.

LEADERS GROUP TEAM misolida BPO markazlari nafaqat xalqaro bozorlarga xizmat eksportini rivojlantirishi, balki hududlarda yoshlar uchun xalqaro standartlar asosidagi yangi va yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

2026-08-23