CXAP va IT Park Uzbekistan mijozlarga xizmat ko‘rsatish hamda BPO sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi

Global Business Services Forum 2026 (GBSF 2026) doirasida IT Park Uzbekistan maslahatchisi Abdulaxad Kuchkarov Filippin Mijozlar tajribasi assotsiatsiyasi (Customer Xperience Association of the Philippines — CXAP) direktorlar kengashi a’zosi Pushkar Misra bilan uchrashdi. Muzokaralar chog‘ida tomonlar IT Park Uzbekistan va CXAP o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini, shuningdek, assotsiatsiya a’zosi bo‘lgan kompaniyalar uchun “O‘zbekiston autsorsing konferentsiyasi” (Uzbekistan Outsourcing Conference — UOC) dasturini tashkil etish imkoniyatini muhokama qildi.

Filippin Mijozlar tajribasi assotsiatsiyasi (Customer Xperience Association of the Philippines — CXAP) — Filippindagi mijozlarga xizmat ko‘rsatish va kontakt markazlari sanoatini ifodalovchi yetakchi notijorat tarmoq assotsiatsiyasidir. 2001-yilda tashkil etilgan ushbu tuzilma 100 dan ortiq kompaniyani birlashtirgan bo‘lib, ularning hissasiga mamlakatdagi kontakt markazlari sohasining umumiy xodimlari soni va daromadlarining 60 foizdan ko‘prog‘i to‘g‘ri keladi. Assotsiatsiya davlat bilan o‘zaro hamkorlik, kadrlar tayyorlash, bozor tadqiqotlari, ilg‘or tajribalar almashinuvi hamda Filippinni CX va BPO xizmatlarining global markazi sifatida targ‘ib qilish orqali sohani rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. So‘nggi yillarda CXAP sun’iy intellektni joriy etishni va sohaning raqamli transformatsiyasini faol qo‘llab-quvvatlamoqda.

Tomonlar Filippinda mijozlarga xizmat ko‘rsatish sanoatining bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini, milliy BPO sektorini rivojlantirish strategiyasini hamda soha o‘sishiga yordam beruvchi asosiy chora-tadbirlarni muhokama qildi. Sun’iy intellekt texnologiyalari ta’sirida bozorning o‘zgarishi, biznesning yangi talablari va kompaniyalar duch kelayotgan asosiy qiyinchiliklarga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, IT Park Uzbekistan va CXAP vakillari assotsiatsiya a’zosi bo‘lgan kompaniyalar uchun UOC (Uzbekistan Outsourcing Conference) dasturini o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqdi. Ushbu tashabbus ikki mamlakat soha ishtirokchilari o‘rtasida tajriba almashish, kasbiy malakalarni oshirish va hamkorlikni mustahkamlash uchun platformaga aylanishi mumkin.

CXAP bilan hamkorlikni rivojlantirish IT Park Uzbekistan uchun global biznes xizmatlari sohasida xalqaro aloqalarni kengaytirish, CX va BPO sanoatining dunyodagi eng yirik markazlaridan birining muvaffaqiyatli tajribasini o‘rganish, shuningdek, xalqaro kompaniyalarni jalb etish va O‘zbekistonning kadrlar salohiyatini yuksaltirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
 

 

2026-07-25