16-iyun kuni Ar Riyod shahrida IT Park Uzbekistan tomonidan tashkil etilgan Digital Uzbekistan Riyadh tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Saudiya Arabistonining texnologik kompaniyalari, investitsiya hamjamiyati va biznes vakillaridan 55 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashib, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va IT-xizmatlar eksporti sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.
Tadbir IT Park Uzbekistan’ning Saudiya Arabistonidagi eng yirik tashabbusiga aylandi hamda O‘zbekiston IT sanoati vakillari, saudiyalik investorlar va mintaqaviy biznes hamkorlarini bir maydonda jamladi. Forum O‘zbekistonning eksport va investitsiya salohiyatini namoyish etish, to‘g‘ridan to‘g‘ri biznes aloqalarini o‘rnatish hamda texnologiyalar va raqamli iqtisodiyot yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun muhim platforma vazifasini o‘tadi.
Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasining Saudiya Arabistoni Podshohligidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Nodirjon Turg‘unov tabrik so‘zi bilan murojaat qilib, ikki davlat o‘rtasida texnologik hamkorlikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.
IT Park Uzbekistan’ning Fors ko‘rfazi mamlakatlari bo‘yicha rasmiy vakili Muzaffar Karabayev O‘zbekistonni raqamli investitsiyalar va innovatsiyalar uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida taqdim etdi.
IT Park Uzbekistan’ning Global biznesni rivojlantirish bo‘yicha bosh menejeri Abdurahmon Karimberdiyev IT Park ekotizimining yutuqlari, amaldagi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va tashkilotning xalqaro maqsadlari haqida so‘z yuritdi.
IT Park Uzbekistan bilan hamkorlik qiluvchi GCC kompaniyasi vakili Mohamed Eltaib O‘zbekistonning texnologik salohiyati haqida ma’lumot berib, IT Park a’zo kompaniyalari hamda istiqbolli o‘zbek startaplarining yechimlarini taqdim etdi. Taqdimot davomida mahalliy IT kompaniyalarning raqobatbardosh ustunliklari, innovatsion mahsulot va xizmatlari hamda ularni Saudiya Arabistonining raqamli infratuzilmasiga integratsiya qilish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Spikerning ta’kidlashicha, o‘zbek kompaniyalari tomonidan yaratilgan ko‘plab texnologik yechimlar xalqaro miqyosda kengayishga tayyor bo‘lib, Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi biznes va davlat sektorining ehtiyojlariga samarali javob bera oladi.
Geomotive, Smartcast, TASS Vision, OX Systems, Business Robots AI, kpi.com, Delever va Ziyoly kabi sakkizta o‘zbek kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan yechimlar taqdimoti chog‘ida mamlakatimiz texnologik ekotizimining salohiyati yana bir bor namoyon bo‘ldi. “IT Park” sun’iy intellekt, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish, raqamli platformalar va boshqa texnologik sohalardagi o‘z mahsulot va xizmatlarini taqdim etdi. Bu orqali O‘zbekiston innovatsiyalarining raqobatbardoshligi hamda ularning Saudiya Arabistoni va boshqa mintaqaviy bozorlar ekotizimlariga integratsiyalashishga tayyor ekani namoyish etildi.
Tadbir davomida Saudiya Arabistoni IT kompaniyalarini O‘zbekistonda biznes yuritish va faoliyat boshlashga jalb etish, o‘zbek IT xizmatlari eksportini Fors ko‘rfazi mamlakatlari bozorlariga kengaytirish, saudiyalik venchur fondlarni texnologik loyihalar va startaplarni moliyalashtirishga jalb qilish, o‘zbek va mintaqaviy kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda O‘zbekistonning MENA mintaqasi uchun raqamli hab sifatidagi mavqeini mustahkamlash masalalari asosiy muhokama mavzularidan bo‘ldi.
Digital Uzbekistan Riyadh tadbiri IT Park Uzbekistan’ning xalqaro rivojlanish strategiyasini amalga oshirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Tadbir yangi biznes aloqalarini o‘rnatish, Saudiya Arabistoni bozorida o‘zbek texnologik kompaniyalarining tanilishini oshirish, investitsiyalarni jalb qilish, eksport hajmini kengaytirish hamda IT Park a’zo kompaniyalarining GCC mamlakatlari bozorlariga chiqishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga xizmat qildi.
2026-06-22