Toshkentda o‘yin va animatsiya sanoatiga bag‘ishlangan xalqaro “GameFest-2026” festivali yakunlandi. Ikki kun davom etgan tadbirda 10 mingdan ortiq ishtirokchi, 100 dan ziyod kompaniya hamda 40 dan ortiq davlat vakillari qatnashdi. Festival GameDev, animatsiya va kreativ texnologiya yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilingan mintaqadagi eng yirik maydonlardan biriga aylandi.

Festival Uzbekistan Creative Association tomonidan O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida tashkil etildi. Dasturda xalqaro studiyalar, investorlar, o‘yin ishlab chiqaruvchilar, animatorlar, digital-rassomlar va venchur fondlari vakillari ishtirok etdi. Mehmonlar orasida Behold Ventures, Ludus VC, Firstpoint VC, Google, Xsolla va boshqa kompaniyalar vakillari ham bo‘ldi.

“GameFest-2026” doirasida panel muhokamalari, pitch-sessiyalar, ta’limga oid vorkshoplar, kosplay-shou hamda mukofot jamg‘armasi 125 million so‘m bo‘lgan xalqaro Game Jam tanlovi o‘tkazildi. Ishtirokchilar PC va mobil platformalar uchun o‘yin loyihalari, shuningdek, Blender, Unreal Engine va Cinema 4D yordamida yaratilgan animatsion ishlarni taqdim etdi.

Festival doirasida Investors Roundtable & Central Asian Game Alliance MoU Signing yopiq uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi. Unda mintaqaviy o‘yin ekotizimini rivojlantirish, investitsion imkoniyatlar va GameDev sohasidagi xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Uchrashuvda Behold VC, Kameha VC, Firstpoint VC, Xsolla, Google, IT Park Ventures, Aloqa Ventures, Yoshlar Ventures, United Ventures va UzVC kabi xalqaro va mahalliy venchur fondlari hamda kompaniyalar vakillari qatnashdi.

Festivalning eng muhim voqealaridan biri “World GameDev and Animation Association” tashkilotini yaratish bo‘yicha kelishuv imzolangani bo‘ldi. Ushbu uyushma xalqaro o‘yin va animatsiya hamjamiyatini birlashtiradi.

Festival davomida O‘zbekistonning o‘yin va animatsiya sanoatini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi ham taqdim etildi. Rejalarga ko‘ra, shu vaqtga qadar IT Park Uzbekistan’dagi GameDev yo‘nalishidagi rezident kompaniyalar soni 400 taga yetkaziladi, sanoat eksporti esa 1 milliard dollarga chiqadi. Bundan tashqari, hududlarda 10 mingdan ortiq mutaxassis tayyorlash rejalashtirilgan.

Infratuzilmani rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. 2026-yil oxirigacha Toshkent markazida maydoni 4,5 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan, Motion Capture va Lidar studiyalarini o‘z ichiga olgan ixtisoslashtirilgan GameDev Hub ochilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, startaplar va mahalliy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 100 million dollarlik venchur kapital ajratilishi kutilmoqda.
Bugungi kunda o‘yin va animatsiya sanoati O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rilmoqda. Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi uch yil ichida mamlakatda videoo‘yinlar eksporti 21 barobarga oshib, 200 million dollarga yetgan, IT Park rezidenti bo‘lgan GameDev kompaniyalari soni esa uch barobarga ko‘payib, 75 taga yetgan.
“GameFest-2026” festivalining o‘tkazilishi O‘zbekistonni geyming va kreativ sanoat bo‘yicha mintaqaviy markaz sifatida ilgari surishdagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Festival nafaqat mahalliy studiyalar va yosh mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlarni ochdi, balki xalqaro investorlar va hamkorlarning mamlakat IT-ekotizimiga bo‘lgan qiziqishini ham kuchaytirdi.
2026-05-20