Gamescom 2026: IT Park Uzbekistan O‘zbekiston GameDev sohasi uchun xalqaro imkoniyatlarni kengaytirmoqda

IT Park Uzbekistan Kyoln shahrida bo‘lib o‘tgan Gamescom 2026 ko‘rgazmasida ishtirok etib, xalqaro o‘yin kompaniyalari va soha tashkilotlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralarning asosiy mavzulari O‘zbekistondagi GameDev startaplarini qo‘llab-quvvatlash, ularning xalqaro bozorlarga chiqishi, xorijiy akseleratsiya dasturlarida ishtirok etishi, istiqbolli o‘yin loyihalarini aniqlash hamda ularni kelgusida monetizatsiya qilish imkoniyatlarini yaratishga qaratildi.

Gamescom dunyodagi eng yirik o‘yin industriyasi maydonlaridan biri bo‘lib, dasturchilar, nashriyotchilar, investorlar va texnologik kompaniyalarni bir joyda jamlaydi. 2026-yilda ko‘rgazmada 60 dan ortiq mamlakatdan 1 200 dan ziyod eksponent va 320 mingdan ortiq tashrifchi ishtirok etdi. IT Park Uzbekistan tadbirning B2B biznes hududida o‘z stendi bilan qatnashdi. 

IT Park Uzbekistan bilan birgalikda Gamescom’da o‘yin industriyasining turli yo‘nalishlarini namoyish etuvchi uchta rezident kompaniya ham ishtirok etdi: art production yo‘nalishiga ixtisoslashgan Evegoplayon, playable marketing services xizmatlarini ko‘rsatuvchi CAS va o‘yin nashriyotchiligi yo‘nalishini rivojlantirayotgan Spaghetti Cat

Gamescom 2026 mustaqil nashriyot Spaghetti Cat jamoasi uchun yangi professional aloqalar o‘rnatish va istiqbolli o‘yin loyihalari bilan tanishish maydoniga aylandi. Ko‘rgazma davomida jamoa hamkorlar bilan qator uchrashuvlar o‘tkazib, ularning yakunlari bo‘yicha kelgusidagi hamkorlik yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishdi.

Spaghetti Cat fondining nashriyot yo‘nalishi rahbari Danila Kamenev:

“Gamescom har doim juda katta taassurot qoldiradi. Ko‘lam, energiya va dunyoning turli nuqtalaridan kelgan loyihalar — bularning barchasi tadbirni o‘ziga xos qiladi. Bu yil ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazdik, qo‘shma rejalarni muhokama qildik va rivojlanishning turli bosqichlaridagi juda ko‘p o‘yinlar bilan tanishdik. Stenddagi hamkorlarimiz – IT Park Uzbekistan va ESdigital’ga fond rivoji uchun foydali bo‘lgan ushbu tajriba uchun alohida minnatdorlik bildiramiz. Kelasi yilgi safar haqida hozirdanoq o‘ylayapmiz.”

Rezident kompaniyalarning ishtiroki xalqaro auditoriyaga O‘zbekistonda texnologik biznes yuritish uchun yaratilgan sharoitlar bilan bir qatorda, mahalliy kompaniyalarning bevosita kompetensiyalarini ham namoyish etish imkonini berdi – o‘yin kontentini yaratish va marketing yechimlaridan tortib, nashriyot faoliyatigacha.

Ishbilarmonlik dasturining asosiy yo‘nalishlaridan biri GameDev ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar va hamkorlar bilan muzokaralar bo‘ldi. 

DMCC Gaming Center bilan GameDev sohasidagi startaplarni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shma mexanizmlari muhokama qilindi. Xususan, tomonlar birgalikda GameJam tadbirlarini o‘tkazish, shuningdek, O‘zbekiston o‘yin kompaniyalariga Dubaydagi akseleratsiya dasturlari va loyihalarni rivojlantirishga qaratilgan boshqa imkoniyatlardan foydalanish imkonini taqdim etishni ko‘rib chiqdilar. 

Morocco Game Hub bilan uchrashuv davomida tomonlar o‘yin industriyasini rivojlantirish va GameDev loyihalarini qo‘llab-quvvatlash ekotizimini shakllantirish bo‘yicha tajriba almashdilar. Bunday muloqot xalqaro tajribada qo‘llanilayotgan sohani rivojlantirish modellarini o‘rganish va eng samarali yondashuvlarni O‘zbekiston bozorining keyingi rivoji uchun moslashtirish imkonini beradi.

Voodoo bilan Toshkent shahrida scouting markazini tashkil etish imkoniyati muhokama qilindi. Ushbu markaz O‘zbekistondagi istiqbolli o‘yin loyihalarini aniqlash va ularni xalqaro kompaniya bilan kelgusidagi hamkorlik uchun ko‘rib chiqish imkonini berishi mumkin. 

Yana bir hamkorlik yo‘nalishi Play Ducky bilan bog‘liq bo‘ldi. Tomonlar mahalliy o‘yin loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni saralash hamda keyinchalik monetizatsiya qilish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Bu o‘z mahsulotlarini kengroq xalqaro auditoriyaga olib chiqishni maqsad qilgan mahalliy dasturchilar uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratishi mumkin. 

Shuningdek, jahon o‘yin industriyasining yirik vakillari – Saber Interactive, CD Projekt RED va Xbox bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazildi. 

IT Park Uzbekistan uchun Gamescom’da ishtirok etish, avvalo, mahalliy GameDev ekotizimini xalqaro bozorga integratsiya qilish vositasidir. Global studiyalar, nashriyotchilar, akseleratorlar va ixtisoslashgan o‘yin markazlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar O‘zbekiston kompaniyalari uchun yangi imkoniyatlarni ochadi – soha ekspertizasini olish va xorijiy dasturlarda ishtirok etishdan tortib, hamkorlar, nashriyotchilar va monetizatsiya kanallarini topishgacha.

Shu bilan birga, bunday uchrashuvlar O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda biznesni rivojlantirish, jamoalar shakllantirish va yangi loyihalarni ishga tushirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgan xalqaro GameDev kompaniyalari uchun istiqbolli maydon sifatida targ‘ib qilishga xizmat qiladi.

2026-09-03