O‘zbekistonda O‘zbekistonda raqamli inklyuzivlik loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ilg‘or IT-ko‘nikmalarni rivojlantirish dasturining (Advanced IT Skills) birinchi bosqichi yakunlandi. Ta’lim Toshkent, Namangan, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida to‘rtta talab yuqori bo‘lgan texnologik yo‘nalish bo‘yicha tashkil etildi.
Dasturning birinchi bosqichiga bag‘ishlangan yakuniy marosim Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi. Bu yerda AI/ML — sun’iy intellekt va mashinaviy o‘rganish yo‘nalishi bo‘yicha treninglar yakunlandi.
Dastur yoshlarga mo‘ljallangan bo‘lib, zamonaviy texnologik kompetensiyalarni rivojlantirish, mutaxassislarni amaliy tayyorlash hamda raqamli sohada professional rivojlanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan va Jahon banki hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Yakuniy marosimda, shuningdek, IT Park Uzbekistan Strategik rivojlanish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova va Jahon bankining raqamli texnologiyalar bo‘yicha katta mutaxassisi Luda Bujoreanu ishtirok etdi.
Birinchi bosqich doirasida treninglar mamlakatning to‘rtta hududida tashkil etilib, yosh ishtirokchilar turli texnologik yo‘nalishlar bo‘yicha tahsil oldi:
Toshkentda — AI/ML;
Farg‘onada — Game Development;
Namanganda — 2D/3D modellashtirish;
Samarqandda — Cloud Engineering.
Dasturga birinchi qabul doirasida raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirishga O‘zbekiston bo‘ylab 2 400 dan ortiq yoshlar qiziqish bildirdi. Bugungi kunga qadar 438 nafar ishtirokchi ta’limni muvaffaqiyatli yakunladi: Namanganda 130 nafar, Toshkentda 122 nafar, Samarqandda 111 nafar va Farg‘onada 75 nafar. Sentabr oyi oxiriga qadar dastur bitiruvchilari sonini 600 nafarga yetkazish rejalashtirilgan.
Toshkentdagi AI/ML treninglari davomida ishtirokchilar sun’iy intellekt va mashinaviy o‘rganish asoslari, zamonaviy AI vositalari va ma’lumotlar bilan ishlash, algoritmlar hamda texnologiyalarni amaliy vazifalarni hal etishda qo‘llash usullarini o‘rgandi.
Mashg‘ulotlarda amaliy tayyorgarlikka alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar topshiriqlarni bajardi va o‘z loyihalari ustida ishlab, olgan bilimlarini mustahkamladi hamda texnologik sohada keyingi faoliyati uchun zarur ko‘nikmalarni rivojlantirdi.
Dasturning Toshkentdagi mentori ta’kidlashicha, ta’lim nafaqat AI vositalari bilan tanishtirishga, balki texnologik yechimlarni topish, real vazifalar ustida ishlash va g‘oyalarni amaliy loyihalarga aylantirish qobiliyatini rivojlantirishga ham qaratildi.
Dastur doirasida 400 dan ortiq bitiruvchi talab yuqori bo‘lgan texnologik yo‘nalishlar bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tdi va endilikda o‘z bilim va ko‘nikmalarini professional rivojlanish, shaxsiy loyihalar ustida ishlash hamda IT sohasida karyera qurishda qo‘llashi mumkin. Ayrim ishtirokchilar uchun ta’lim professional rivojlanishdagi navbatdagi bosqichga aylandi: bitiruvchilarning bir qismi o‘zlarini qiziqtirgan yo‘nalishlar bo‘yicha ish topishga muvaffaq bo‘ldi.
Uzbekistan Digital Inclusion loyihasi mamlakatning turli hududlarida yoshlarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish, zamonaviy texnologik kasblardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda raqamli iqtisodiyotda professional rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
2026-09-19