IT Park Uzbekistan Chikagoda IT sohasida faoliyat yuritayotgan vatandoshlar va biznes vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi

IT Park Uzbekistan tomonidan Chikago shahrida Uzbekistan Digital Services Meetup 2026 tadbiri tashkil etildi. U AQSHdagi IT-kompaniyalar, logistika biznesi vakillari hamda texnologiya sohasida faoliyat yuritayotgan vatandoshlarni bir maydonda jamlab, O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyoti, eksport salohiyati va ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun muhim platformaga aylandi.

Tashrif doirasida IT Park Uzbekistan jamoasi Chikagodagi “Uzbek American Association of Chicago”(UAAC) bilan uchrashib, diaspora bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Shuningdek, UAAC “Uzbekistan Digital Services Meetup 2026” tadbirini tashkil etishda faol ko‘mak ko‘rsatib, uning muvaffaqiyatli o‘tkazilishiga hissa qo‘shdi.

Tadbir IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatovning qutlov nutqi bilan boshlandi. U ishtirokchilarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan raqamli transformatsiya jarayonlari, milliy IT-ekotizimning asosiy yutuqlari hamda xalqaro kompaniyalar, investorlar va tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi. Taqdimot davomida IT-industriyani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat choralari, eksportga yo‘naltirilgan xizmatlarni rivojlantirish va biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlarga alohida e’tibor qaratildi.

Dastur doirasidagi asosiy tadbirlardan biri “From Traditional Trucking to Smart Logistics Businesses” mavzusidagi panel sessiyasi bo‘ldi. Unda Sultan Trans Inc, Reliable ELD, Datatruck va IT Park Uzbekistan vakillari ishtirok etdi. Muhokamalar davomida logistika sohasining raqamlashtirilishi, yuk tashish bozorida texnologiyalarning o‘rni, sun’iy intellekt va innovatsiyalarning sanoat transformatsiyasiga ta’siri hamda O‘zbekistonda biznes uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi.

Sessiya davomida ma’ruzachilar IT Park Uzbekistan ekotizimi orqali biznesni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish bo‘yicha amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashib, ayniqsa Zero Risk dasturi taqdim etayotgan imkoniyatlarga alohida to‘xtalib o‘tdilar. Shuningdek, investitsiyalarni jalb qilish, startaplarni rivojlantirish va texnologik yechimlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish istiqbollari muhokama qilindi.

Tadbirning muhim qismi AQSHdagi o‘zbek diasporasi va biznes hamjamiyati vakillari bilan uchrashuvlarga bag‘ishlandi. Tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, autsorsing yo‘nalishlarini kengaytirish hamda xalqaro tajriba va ekspertizani O‘zbekistonga jalb qilish masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Bundan tashqari, ishtirokchilarga xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy kompaniyalarni jalb qilish va mamlakat eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan “Bonus System” va “Uzbekistan Connect” dasturlari taqdim etildi.

Tadbir yakunidagi “networking” sessiyasi ishtirokchilarga yangi professional aloqalarni o‘rnatish, tajriba almashish hamda O‘zbekiston va AQSH kompaniyalari o‘rtasidagi istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilish imkonini berdi.

Uzbekistan Digital Services Meetup 2026 tadbiri xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, O‘zbekistonni raqamli biznes, IT-xizmatlar eksporti va xalqaro texnologik loyihalarni rivojlantirish uchun istiqbolli markaz sifatida targ‘ib etish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.

 

2026-06-24