IT Park Uzbekistan delegatsiyasining Gonkong va Shanxayga amaliy tashrifi doirasida IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov Xitoyning yetakchi moliya va infratuzilma tashkilotlari vakillari bilan O‘zbekistonda qo‘shma investitsiya loyihalari va zamonaviy IT-infratuzilmani rivojlantirishga bag‘ishlangan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Tashrif doirasida “China Construction Bank”ning Shanxay filiali Global moliyaviy xizmatlar markazi rahbari U Xao (Wu Hao) bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish hamda hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, "Shanghai Construction Group" kompaniyasining xalqaro biznes bo‘yicha direktori Yu Yuanxin bilan zamonaviy texnologik infratuzilmani barpo etish sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga bag‘ishlangan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Tashrifning asosiy natijalaridan biri IT Park Uzbekistan va China Construction Bank o‘rtasida moliyalashtirishning asosiy shartlari to‘g‘risidagi hujjat (Term Sheet) imzolanishi bo‘ldi. Hujjatni IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov va China Construction Bank Shanxay global moliyaviy xizmatlar markazi rahbari Vu Xao (Wu Hao) imzoladilar.

Imzolangan hujjat Shanghai Construction Group bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan IT Park Uzbekistan mintaqaviy majmualarini qurish loyihalarini moliyalashtirishni tashkil etishning asosiy shartlarini belgilaydi.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasining bir qator hududlarida IT Park Uzbekistan’ning zamonaviy majmualarini yaratishni nazarda tutadi. Yangi inshootlar texnologik tadbirkorlikni rivojlantirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, malakali IT-mutaxassislarni tayyorlash hamda mahalliy va xalqaro texnologik kompaniyalar uchun zamonaviy infratuzilmani yaratish markazlari bo‘ladi.
2026-07-19