IT Park Uzbekistan Istanbuldagi Eurasia Tech Week’da mamlakat salohiyatini namoyish etdi

Istanbulda fintech va sun’iy intellekt sohasidagi innovatsiyalarga bag‘ishlangan “Eurasia Technology Week” (ETW) xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir 20 000 nafardan ortiq mutaxassis, yetakchi jahon brendlari va ekspertlarni jamladi, ular texnologik rivojlanishning asosiy tendensiyalarini muhokama qildilar.

Bu O‘zbekiston uchun nima uchun muhim?

“Eurasia Tech Week” kabi tadbirlarda ishtirok etish quyidagilarga imkon beradi:

  • Mamlakatning IT-eksport salohiyatini ilgari surish,
  • Investitsiyalar va texnologiyalarni jalb qilish,
  • IT-mutaxassislari uchun ta’lim dasturlarini rivojlantirish,
  • O‘zbekistonning mintaqaviy texnologik markaz sifatidagi o‘rnini mustahkamlash.

O‘zbekiston startaplari ko‘rgazmada faol ishtirok etib, mamlakatning investitsiyaviy va kadrlar imkoniyatlarini namoyish etdilar, shuningdek, xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar.

Ko‘rgazmada o‘zbek startaplari, jumladan: “Tass Vision”, “Datagaze”, “Trust ID”, “Jett” taqdim etildi. Tadbirda “Oson”, “Odoo”, “Etiya”, “Defne”, “Rahmat” vakillari ham qatnashdi.

Oson

Oson — onlayn to‘lovlar va mobil hamyonlarni taklif etuvchi fintech yechimlari sohasidagi yetakchi kompaniya. Kompaniya vakillari Turkiyaning yetakchi fintech kompaniyalari bilan hamyonlarni ishga tushirish bo‘yicha muzokaralar olib bordilar, shuningdek, Turkiya bozori uchun fintech yechimlarini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildilar.

Tass Vision

Tass Vision — do‘konlar ichidagi video tahlil uchun sun’iy intellektga asoslangan yechimlar ishlab chiqaruvchisi. Startap vakillari Turkiyaning “Pozitera Development Group” chakana savdo kompaniyasi bilan yil oxirigacha 2 mingdan ortiq do‘konlarda “Vitrac” yechimini joriy etishga kelishib oldilar.

Datagaze

Datagaze — kiberxavfsizlik dasturiy ta’minotini ishlab chiqaruvchi kompaniya. Startap vakillari turk kompaniyalari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdilar. Uchrashuvlarda tomonlar mahsulotlar haqida ma’lumot almashdilar, “Datagaze” vakillari kompaniyaning loyihalarni amalga oshirish tajribasi bilan tanishdilar, shuningdek, mahsulotlar namoyishi o‘tkazildi.

Trust ID

Trust ID — banklar va fintech kompaniyalari uchun biometrik identifikatsiya platformasi. Startap asoschilari turk kompaniyalari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazib, ular doirasida biometrik identifikatsiya va tanib olish texnologiyalari sohasida hamkorlik qilish, shuningdek, qo‘shma pilot loyihalarni ishga tushirishga kelishib oldilar.

Jett

Jett — bank ilovalari va fintech xizmatlari orqali qimmatli qog‘ozlarga sarmoya kiritish imkoniyatini taqdim etuvchi O‘zbekistondagi birinchi investitsiya platformasi. Ko‘rgazma doirasida raqamli va moliyaviy texnologiyalar sohasidagi quyidagi kompaniyalar vakillari bilan hamkorlikning potensial yo‘nalishlarini izlash bo‘yicha aloqalar o‘rnatildi: “NeviTech”, “Arvis Tecnoloji SAN.TIC.A.S”, “Faturamatik”, “CiSoft”, “Voya”, “SENDER” va boshqalar.

Rahmat

“Rahmat” xizmati vakillari raqamli va moliyaviy texnologiyalar sohasidagi quyidagi kompaniyalar vakillari bilan loyiha geografiyasini kengaytirish va hamkorlikning potensial yo‘nalishlarini izlash bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildilar: “Papara”, “HepsiPay”, “Faturamatik”, “CiSoft”, “MetropolCard”, “QNB”, “Kerzz” va boshqalar.

Odoo

Biznesni avtomatlashtirish bo‘yicha yetakchi platformalardan biri bo‘lgan “Odoo” bilan ishlash uchun Python dasturchilarining malakasini oshirish loyihalari muhokama qilindi. Kompaniyalar o‘zbekistonlik IT-mutaxassislarga katta qiziqish bildirmoqda va O‘zbekistonni MDHda rivojlanish uchun mintaqaviy markaz sifatida ko‘rmoqda.

Defne

Kompaniya vakillarining “GSMA” doirasida may oyida Toshkentga tashrifi rejalari tasdiqlandi. Hamkorlik bo‘yicha muzokaralar kengaytirilgan tarkibda davom ettiriladi.

Ko‘rgazma doirasida startap ekotizimini rivojlantirish va hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdan tashqari, IT-xizmatlar eksportini kengaytirish va O‘zbekistonga xalqaro kompaniyalarni jalb qilishga alohida e’tibor qaratildi. IT Park Uzbekistan mamlakatning eksport salohiyatini taqdim etib, o‘zbek IT-yechimlari va yuqori malakali mutaxassislarining raqobatbardosh ustunliklarini ta’kidladi.

Muzokaralar chog‘ida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, dasturiy ta’minot ishlab chiqishni autsorsing qilish va Yevroosiyo mamlakatlari bozorlariga chiqish orqali qo‘shma loyihalarni yaratish istiqbollari muhokama qilindi. “Eurasia Tech Week” tadbirida ishtirok etish nafaqat o‘zbek startaplarining tayyor mahsulotlarini namoyish etish, balki yangi eksport shartnomalari uchun poydevor yaratish, O‘zbekistonning texnologiya sohasidagi ishonchli hamkor sifatidagi mavqeini mustahkamlash imkonini berdi.

2025-04-25