IT Park Uzbekistan Jahon banki ko‘magida IT-kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Incentives dasturini yangiladi. Dasturining yangi talqini yanada moslashuvchan qatnashish shartlarini, kengaytirilgan xarajatlarni qoplash mexanizmlarini hamda IT-biznesni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishni qo‘llab-quvvatlovchi qo‘shimcha choralarni taklif etadi.
Incentives dasturi — IT Park Uzbekistan’ning IT-xizmatlar eksportini rivojlantirayotgan va O‘zbekistonda yangi ish o‘rinlari yaratayotgan texnologik kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbusi. Dastur doirasida ishtirokchilar turli xarajatlarning bir qismini, jumladan, xodimlar mehnatiga to‘lov, infratuzilma va operatsion xarajatlarni qoplatish imkoniyatiga ega. Dasturning asosiy maqsadi — IT sohasining o‘sishini rag‘batlantirish, yangi kompaniyalarni jalb qilish va texnologik industriya barqaror rivojlanishini ta’minlash.
Muhim o‘zgarishlardan biri — ishtirok etish uchun talab etiladigan mezonlarning pasaytirilgani. Endi kompaniyalar kamida 10 ta yangi ish o‘rni yaratish orqali xodimlar mehnatiga to‘lov xarajatlarining bir qismini qoplash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Avval bu ko‘rsatkich kamida 20 ta edi. Kompensatsiya miqdori xodimlar soniga bog‘liq bo‘lib, mehnatga haq to‘lash fondining 10% dan 15% gacha bo‘lishi mumkin. Ayollar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan ish o‘rinlariga alohida e’tibor qaratiladi — ular uchun kompensatsiya miqdori ish o‘rinlari sonidan qat’i nazar, 15% ni tashkil etadi.
To‘lovlar xodimlarning 12 oy davomida tasdiqlangan bandligidan so‘ng amalga oshiriladi. Bunday mexanizm barqaror ish o‘rinlarini yaratishga va IT-kompaniyalarning uzoq muddatli rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Yangilangan dastur infratuzilma va operatsion xarajatlarni ham qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi. Ishtirokchilarga har bir yaratilgan ish o‘rni uchun 7 kvadrat metrgacha ofis maydoni taqdim etilishi mumkin. Shuningdek, kompaniyalar IT-uskunalarni vaqtinchalik foydalanish uchun olib, keyinchalik sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Dastur bo‘yicha umumiy qo‘llab-quvvatlash limiti har bir yangi ish o‘rni uchun $2 000 gacha yoki eksport tushumining 3% ini tashkil etadi. Barcha choralar belgilangan mezonlar asosida taqdim etiladi va monitoring mexanizmlari bilan kuzatib boriladi, bu esa mablag‘lardan foydalanish shaffofligini va dastur samaradorligini ta’minlaydi.
Incentives dasturi Jahon banki ishtirokidagi “O‘zbekistonning raqamli inklyuziyasi” loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda va IT-xizmatlar eksportini rivojlantirish hamda texnologik kompaniyalar o‘sishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Dastur yangilanishi IT Park ishtirokchilari uchun yangi imkoniyatlar yaratadi va O‘zbekistonning rivojlanayotgan IT-hub sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.
2026-03-17