IT Park Uzbekistan Koreya Respublikasining Pusan shahrida bo‘lib o‘tgan FLY ASIA 2026 xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etdi. Tadbir doirasida o‘zbekistonlik startaplarga investitsiyalarni jalb qilish va ularning xorijiy bozorlardagi ishtirokini kengaytirish maqsadida xalqaro venchur fondlari, akseleratorlar, davlat tashkilotlari va texnologik kompaniyalar vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Ko‘rgazma davomida IT Park Uzbekistan Janubiy Koreyaning 30 dan ortiq yetakchi IT-kompaniyalari va venchur tashkilotlari, shuningdek, ko‘plab xalqaro tashkilotlar vakillari bilan muzokaralar olib bordi. Asosiy e’tibor investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, texnologik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekiston startaplarining xalqaro bozorlarga chiqishi uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratildi.
Ishtirokning muhim natijalaridan biri Busan Startup Investment Agency (BSIA) bilan o‘zaro anglashuv memorandumi (MoU) imzolanishi bo‘ldi. Hujjat O‘zbekiston va Janubiy Koreya startap ekotizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, ikki mamlakat texnologik kompaniyalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishga qaratilgan.
Yana bir muhim voqea IT Park Uzbekistan rezidenti Datagaze kompaniyasining FLY ASIA Awards tanlovida ishtirok etishi bo‘ldi. Startap investitsiyaviy pitching sessiyasi (IR Pitching) doirasida o‘z texnologik yechimini xalqaro investorlarga taqdim etib, ishlanmasining salohiyatini namoyish etish va venchur hamjamiyati vakillari bilan aloqalar o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Ishbilarmonlik dasturi doirasida IT Park Uzbekistan startaplarni rivojlantirish va ularning xalqaro bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan investitsiya fondlari hamda tashkilotlar bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Xususan, Series Ventures va Headline Asia vakillari bilan O‘zbekiston texnologik loyihalariga venchur kapitalini jalb qilish istiqbollari, shuningdek, mahalliy startaplar va xalqaro investorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Indogen Capital bilan uchrashuvda O‘zbekiston kompaniyalari va startaplarining Indoneziya bozoriga chiqishini qo‘llab-quvvatlash, jumladan, amaliy yordam ko‘rsatish va ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish masalalariga e’tibor qaratildi.
BCCEI bilan startaplarning yangi bozorlarga chiqishi va mahalliy biznes muhitiga moslashishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan o‘zaro Soft Landing dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, T-Hub, Startup Island, Turning Point MEA va InnoEx vakillari bilan alohida muzokaralar o‘tkazildi. Tomonlar O‘zbekiston startaplarining Hindiston, Tayvan, Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish, jumladan, hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va mintaqaviy texnologik ekotizimlar bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Bundan tashqari, O‘zbekiston IT-mahsulotlarini Janubiy Koreya bozorida tarqatish uchun SkalePLUS platformasi va uning hamkorlik tarmog‘i imkoniyatlaridan foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi. Bu mahalliy texnologik yechimlarni Koreya bozorida ilgari surishning qo‘shimcha vositasiga aylanishi mumkin.
IT Park Uzbekistan vakillari, shuningdek, Fairfax County Economic Development Authority (AQSh), Ehime prefekturasi (Yaponiya) vakillari, InnoQuest (Tailand) va IT Park Mongolia bilan uchrashuvlar o‘tkazdilar.
Bundan tashqari, Janubiy Koreyaning Mbas, Asak Korea va C&M PLUS kompaniyalari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ularda ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish va texnologik hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
IT Park Uzbekistan’ning FLY ASIA 2026 ko‘rgazmasidagi ishtiroki O‘zbekiston startap ekotizimini xalqaro maydonda ilgari surish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Imzolangan memorandum, erishilgan kelishuvlar va yangi ishbilarmonlik aloqalari venchur investitsiyalarni jalb qilish, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish hamda O‘zbekiston texnologik kompaniyalarining Janubiy Koreya va Osiyoning boshqa mamlakatlari bozorlariga chiqishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
2026-10-14