IT Park Uzbekistan’ning Polshadagi biznes missiyasi Markaziy va Sharqiy Yevropadagi eng yirik biznes xizmatlari konferensiyalaridan biri hisoblangan ABSL Summit 2026 dagi ishtiroki bilan yakunlandi. 18–19-iyun kunlari Vrotslav shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirda 1 500 nafardan ortiq xalqaro kompaniyalar vakillari, investorlar va soha ekspertlari ishtirok etdi. Sammit IT Park Uzbekistan jamoasi uchun O‘zbekistonni autsorsing, texnologik investitsiyalar va global servis markazlarini rivojlantirish uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida namoyish etish imkoniyatini yaratdi.

ABSL Summit Polsha Biznes xizmatlari yetakchilari assotsiatsiyasining (ABSL) eng yirik tadbiri bo‘lib, Markaziy va Sharqiy Yevropadagi Global Business Services (GBS), Shared Services Centers (SSC), Business Process Outsourcing (BPO), IT va R&D sohalari uchun eng nufuzli konferensiyalardan biri hisoblanadi. Har yili sammit xalqaro kompaniyalar rahbarlari, investorlar, davlat tashkilotlari vakillari va soha ekspertlarini biznes xizmatlari sanoatining global tendensiyalari va rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish uchun bir maydonga jamlaydi.
Joriy yilda tadbir 1 500 nafardan ortiq ishtirokchini qamrab oldi. “Know the Unknown” mavzusi ostida o‘tgan ABSL Summit 2026 doirasida sun’iy intellektni joriy etish, raqamli transformatsiya, inson kapitalini rivojlantirish, innovatsiyalar va global xizmatlar industriyasining kelajagi masalalari muhokama qilindi. Tadbirda Accenture, IBM, Capgemini, Deloitte, PwC, EY, KPMG, SAP, Infosys va Cognizant kabi yetakchi xalqaro kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

IT Park Uzbekistan uchun ABSL Summit’dagi ishtirok Gdansk shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Polsha hamkorlik forumi hamda Varshavadagi Uzbekistan Global Scale & Outsourcing Conference doirasida boshlangan ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Sammit maydoni xalqaro biznes hamjamiyatiga O‘zbekistonning imkoniyatlarini taqdim etish, mamlakatning servis va texnologik operatsiyalarni joylashtirishdagi raqobatdosh ustunliklarini namoyish etish hamda yangi bozorlarda o‘z faoliyatini kengaytirishga qiziqish bildirayotgan kompaniyalar bilan muloqotni mustahkamlash imkonini berdi.
Sammit davomida IT Park Uzbekistan vakillari autsorsing va servis markazlarini rivojlantirish imkoniyatlarini o‘rganayotgan xalqaro tashkilotlar va kompaniyalar rahbarlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Ishtirokchilarda O‘zbekistonning malakali kadrlar salohiyati, IT-biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat choralari, Zero Risk dasturi shartlari, shuningdek, IT Park Uzbekistan ekotizimi orqali operatsiyalarni kengaytirish va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlari katta qiziqish uyg‘otdi.

Shuningdek, Proservartner, Scalosoft, Spring Time, Brave AI Enterprise, Adaptive Solutions & Advisory Group, RITS, ALG TASSA hamda boshqa kompaniyalar vakillari bilan alohida uchrashuvlar tashkil etildi. Tomonlar hamkorlik istiqbollari, qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish, eksportga yo‘naltirilgan xizmatlarni rivojlantirish hamda O‘zbekistonda faoliyat boshlash yoki mavjud operatsiyalarni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
ABSL Summit 2026 dagi ishtirok O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi biznes aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Biznes missiyasi davomida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi xalqaro biznes, investitsiya hamjamiyati va texnologik kompaniyalar vakillari bilan o‘nlab uchrashuvlar o‘tkazib, strategik aloqalar tarmog‘ini kengaytirdi hamda kelgusidagi hamkorlik uchun mustahkam asos yaratdi.

Hamkorlikni rivojlantirishning navbatdagi bosqichi sifatida Polsha va boshqa mamlakatlardan kompaniyalar O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Global Business Services Forum 2026’da ishtirok etishi kutilmoqda. Forum autsorsing, raqamli xizmatlar va xalqaro biznes sohalaridagi aniq loyihalarni muhokama qilish, mamlakat imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish va muloqotni davom ettirish uchun yangi platforma bo‘lib xizmat qiladi.
IT Park Uzbekistan mamlakatning global biznes xizmatlari bozoridagi pozitsiyasini izchil mustahkamlash, investitsiyalarni jalb qilish, eksport hajmini oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha faol ishlarni davom ettirmoqda.
2026-06-23