IT Park Uzbekistan rezidentlar bilan ishlash bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Lazizbek Xudayev boshchiligida eksportyor-rezidentlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida 2026 yil uchun rivojlanishning asosiy yo‘nalishlari, jumladan eksport bozorlarini kengaytirish hamda mahsulot yo‘nalishidagi IT-kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda quyidagi rezident kompaniyalar vakillari ishtirok etdi: “ECOMMERCE” MChJ, “SOFTWARE WIZARDS” MChJ, “CORPORATE SOLUTIONS GROUP” MChJ XK, “AMEGA ITS” MChJ, “NOMADIAN” MChJ, “OSIYOTECH” MChJ va “CYBREX” MChJ XK. Ushbu kompaniyalar dasturiy ta’minot ishlab chiqish, e-commerce yechimlari, korporativ IT-xizmatlar hamda texnologik mahsulotlar sohasida faoliyat yuritib, BAA, Singapur, AQSh va Shveytsariya kabi davlatlardagi xorijiy buyurtmachilarga xizmat ko‘rsatmoqda.
2025 yil yakunlariga ko‘ra, rezidentlar eksport ko‘rsatkichlarining barqaror o‘sishini namoyon etdi hamda xizmatlar geografiyasini kengaytirdi. Kompaniyalar amaldagi shartnomalarni kengaytirish va o‘z IT-mahsulotlarini xorijda ilgari surishga qiziqish bildirdi. Shuningdek, rezidentlar xalqaro bozorlarga chiqish bo‘yicha amaliy tajriba almashdi hamda eksport faoliyatini yuritishda duch kelinayotgan to‘siqlarni muhokama qildi.

Shuningdek, rezidentlar Prezidentning 59-sonli qarori (PQ-59)ga muvofiq eksport xizmatlarini kengaytirish bo‘yicha yangi imkoniyatlarni ko‘rib chiqdi. Mazkur qarorga ko‘ra, rezidentlar endilikda Knowledge Process Outsourcing (KPO) xizmatlari eksporti, BPO sohasida ta’lim faoliyati, infratuzilmani ijaraga berish xizmatlari (Co-location va Data Center), shuningdek raqamli startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha choralarni amalga oshirish imkoniyatiga ega.

Shu bilan birga, rezidentlar xorijiy mutaxassislar uchun ish sharoitlarini yanada soddalashtirish, jumladan xalqaro bank kartalaridan foydalanish imkoniyatlarini yaratish bo‘yicha takliflar bildirdi. Rezidentlar ZERO RISK dasturi hamda eksport shartnomalarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha instrumentlariga ham qiziqish bildirdi.
Ishtirokchilar mahsulot yo‘nalishidagi IT-kompaniyalar uchun buyurtmachilar va davlat organlari vakillari ishtirokida alohida uchrashuv-ko‘rgazma tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Bunday format kompaniyalarga o‘z yechimlarini taqdim etish, yangi ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda mamlakat ichida mahalliy IT-mahsulotlarga bo‘lgan talabni oshirish imkonini beradi.
Bunday uchrashuvlarning o‘tkazilishi IT Park Uzbekistan va rezidentlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi, eksportyorlarning murojaatlariga tezkor javob berish hamda samarali qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini shakllantirish imkonini yaratadi. Bu esa o‘z navbatida IT-xizmatlar eksportining yanada o‘sishiga va O‘zbekistonning xalqaro texnologik bozordagi pozitsiyalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
2026-02-20