IT Park Uzbekistan Serbiyaning texnologiya sektori bilan hamkorlikni kengaytirmoqda

1–4 sentabr kunlari Belgradda IT Park Uzbekistan vakillari Serbiyaning texnologik kompaniyalari, sohaviy assotsiatsiyalari, innovatsion markazlari va akseleratorlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Asosiy mavzular IT-autsorsing va BPO’ni rivojlantirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, xorijiy kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb etish hamda AI infratuzilmasi sohasidagi hamkorlik bo‘ldi.

IT Park Uzbekistan tomonidan ishchi dasturda bosh direktor maslahatchisi Abdulakhad Kuchkarov, xizmatlar eksporti yo‘nalishi rahbari Sarvar Vohidov va IT Park Uzbekistan’ning Yevropadagi vakolatxonasi rahbari Vsevolod Li ishtirok etdi.

Ishbilarmonlik dasturi doirasida IT Park Uzbekistan Serbiya kompaniyalariga O‘zbekistonda texnologik biznes yuritish shartlari, IT Park rezidentligi imkoniyatlari va mavjud qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etdi. MG Group HR Services Serbiyadagi IT va autsorsing kompaniyalari bilan aloqalarni kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda, Syncit Group esa o‘z startap mahsulotini ishlab chiqish jarayonining bir qismini O‘zbekistonga ko‘chirish va mahalliy jamoa shakllantirish modelini ishlab chiqishga qiziqish bildirdi.

Serbian IT Association (SITA) orqali B2B aloqalarni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Assotsiatsiya 40 dan ortiq IT-kompaniyani birlashtiradi. Uchrashuvda DataArt va IT Engine vakillari ham ishtirok etdi, IT Engine esa O‘zbekistonda faoliyat yuritish va IT Park rezidenti maqomini olish imkoniyatlariga qiziqish bildirdi.

Startaplar yo‘nalishidagi hamkorlik Hub201, Science Technology Park Belgrade va SEE UP Accelerator bilan muhokama qilindi. Muzokaralarda qo‘shma Demo Day tadbirlari, O‘zbekiston startaplarining xalqaro dasturlarda ishtiroki, yangi bozorlarga chiqishi va investitsiyalarni jalb etishi masalalari ko‘rib chiqildi. Science Technology Park Belgrade, shuningdek, ICT Week Uzbekistan 2026da ishtirok etishga qiziqish bildirdi.

Amaliy natijalardan biri SEE UP Accelerator bilan hamkorlik memorandumi imzolanishi bo‘ldi. Hujjat O‘zbekiston va Serbiya startap ekotizimlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, loyihalarning xalqaro miqyosda kengayishini qo‘llab-quvvatlash va investitsiya sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishni nazarda tutadi. 

BPO va servis operatsiyalarini kengaytirish istiqbollari Silver Bell Group va AAA Freight Inc. bilan muhokama qilindi. Kompaniyalar O‘zbekistonning kadrlar salohiyatiga va mamlakatdagi faoliyatini yanada rivojlantirish imkoniyatlariga qiziqish bildirdi.

AI infratuzilmasi ham alohida yo‘nalishlardan biri bo‘ldi. Orion Telekom bilan yuqori unumdor hisoblash quvvatlari, GPU yechimlari va O‘zbekiston AI ekotizimini rivojlantirish uchun zarur infratuzilma masalalari muhokama qilindi.

Belgraddagi uchrashuvlar IT Park Uzbekistan’ga Serbiyadagi hamkorlar doirasini kengaytirish va IT-autsorsing hamda BPO’dan tortib startaplar, investitsiyalar va AI infratuzilmasigacha bo‘lgan qator amaliy hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash imkonini berdi.

2026-09-04