IT Park Uzbekistan va Academia Park London startaplarni Buyuk Britaniya va Turkiya bozorlarida qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qildi

ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov Academia Park London hammuassisi va CEO’si Ata Argüder bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar O‘zbekiston startaplarini xalqaro bozorlarga olib chiqishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri O‘zbekiston startaplarini Buyuk Britaniya va Turkiya bozorlarida ilgari surish imkoniyatlari bo‘ldi. Jumladan, investorlar, texnologik kompaniyalar va hamkorlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, soft-landing mexanizmlarini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar London Hub tashabbusi doirasidagi hamkorlik istiqbollarini, shuningdek, Turkiya bozoriga chiqishga qiziqqan O‘zbekiston startaplari uchun market-entry dasturini ishga tushirish imkoniyatini ham muhokama qildi.

O‘zbekiston texnologik kompaniyalarining xalqaro tadbirlarda, jumladan Money20/20’da ishtirok etishi va biznes missiyalarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 2026-yilning IV choragida Turkiyada O‘zbekistondan beshta startap ishtirokida dastur o‘tkazish imkoniyati muhokama qilindi.

IT Park Uzbekistan va Academia Park London o‘rtasida avvaldan ham hamkorlik tajribasi mavjud. Academia Park 2025 va 2026-yillarda London Tech Week doirasida Markaziy Osiyo delegatsiyalari, jumladan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston startaplarining ishtirokiga ko‘maklashgan. Kompaniya, shuningdek, 2026-yil aprel oyida IT Park Uzbekistan’ning GovTech Summit’dagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlagan, UZINFOCOM esa uning ko‘magida Money20/20 Europe’da qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

2023-yilda Londonda tashkil etilgan Academia Park London rivojlanayotgan bozorlardagi startaplar, scaleup-kompaniyalar va innovatsion bizneslarga Buyuk Britaniya hamda Yevropa bozorlariga chiqishda ko‘maklashadi. Platforma mentorlik, investorlar va korporativ hamkorlar bilan aloqalar, ish infratuzilmasi hamda xalqaro biznesni rivojlantirish dasturlaridan foydalanish imkonini taqdim etadi. 

2026-09-26