IT Park Uzbekistan va Belarus Yuqori texnologiyalar parki texnologik ekotizimlarni rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashdi

22-sentabr kuni ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida IT Park Uzbekistan va Belarus Yuqori texnologiyalar parki (YTP) vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Asosiy e’tibor texnologik ekotizimlarni rivojlantirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, venchur moliyalashtirish va texnologik kompaniyalar bilan ishlash yo‘nalishlarida tajriba almashishga qaratildi.

Belarus delegatsiyasiga Yuqori texnologiyalar parki Kuzatuv kengashi Kotibiyati boshlig‘i Anna Ryabova rahbarlik qildi. Uchrashuvda, shuningdek, YTP Xalqaro hamkorlik va raqamli rivojlanish boshqarmasi boshlig‘i Marina Filipyuk hamda YTP Startap-markazi rahbari Dmitriy Mikulko ishtirok etdi.

IT Park Uzbekistan tomonidan uchrashuvda rezidentlar bilan ishlash bo‘yicha direktor Lazizbek Xudayev boshchiligidagi delegatsiya hamda tashkilotning boshqa vakillari qatnashdi.

Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri IT-parklarni boshqarish modellari, infratuzilmani rivojlantirish hamda texnologik kompaniyalar va startaplarning o‘sishi uchun qulay sharoitlar yaratish yondashuvlari bo‘ldi. Ishtirokchilar rezidentlar, startaplar, akseleratorlar, investorlar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash institutlari bilan ishlash bo‘yicha amaliy tajribalar bilan o‘rtoqlashdilar.

Alohida e’tibor ta’lim va akseleratsiya dasturlarini amalga oshirish, taqdimot tadbirlarini tashkil etish hamda kompaniyalarni xorijiy bozorlarga chiqish jarayonida qo‘llab-quvvatlash tajribasiga qaratildi. Tomonlar, shuningdek, texnologik kompaniyalar, investorlar va ekspertlar hamjamiyati o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yondashuvlar bilan almashdilar.

Uchrashuvning muhim qismi venchur moliyalashtirish masalalariga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar investitsiya mexanizmlari va fondlarini shakllantirish bo‘yicha mavjud yondashuvlar, ularning faoliyat tamoyillari, ishtirokchilar tarkibi hamda texnologik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash amaliyotini muhokama qildilar.

Shuningdek, xalqaro kapitalni jalb qilish, investitsiya va qo‘shma investitsiya yo‘nalishlarida tajriba almashildi. Jumladan, investitsiya raundlarida ishtirok etish, shuningdek, kompaniyalarni o‘sish va xalqaro miqyosda kengayish bosqichlarida qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasining texnologik ekotizimlari o‘rtasida professional tajriba almashish imkonini yaratib, ishtirokchilarga ikki mamlakatning startaplar, investitsiyalar va texnologik tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy yondashuvlari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. 

2026-09-26