ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida IT Park Uzbekistan strategik rivojlanish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova Cyberport’ning Industry Partnership yo‘nalishi rahbari Henry Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar IT Park Uzbekistan va Hong Kong Cyberport Management Company Limited o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, texnologik kompaniyalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash, yangi bozorlarga chiqish hamda ikki ekotizim o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Asosiy yo‘nalishlardan biri market access va soft landing mexanizmlarini rivojlantirish bo‘ldi. IT Park rezidentlarining Gonkong bozoriga chiqishini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, O‘zbekistonda faoliyat yuritishga qiziqish bildirayotgan Cyberport texnologik kompaniyalari va startaplari uchun zarur sharoitlarni yaratish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda AI, R&D va raqamli texnologiyalar sohalaridagi hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar startaplar va investorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish, jumladan, IT Park Uzbekistan ekotizimi vakillarining Cyberport dasturlari va Cyberport Venture & Capital Forum (CVCF)da ishtirok etish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik amaliy formatda ham rivojlanmoqda. Iyul oyida tomonlar qo‘shma davra suhbati o‘tkazdi, avgustda esa Cyberport vakillari IT Park Uzbekistan ekotizimi va ICT WEEK Uzbekistan 2026 dasturi bilan tanishgan vebinar bo‘lib o‘tdi. Joriy ICT WEEK doirasida Cyberport’ning beshta startapi ishtirok etmoqda.
Hamkorlikka 2026-yil iyun oyida Gonkong Ma’muriyati rahbari John Lee Ka-chiuning O‘zbekistonga tashrifi doirasida IT Park Uzbekistan va Cyberport o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi asos bo‘lgan.
Cyberport Gonkongning yetakchi raqamli texnologik xablaridan biri bo‘lib, 2 300 dan ortiq kompaniyani birlashtiradi. Ekotizim AI, fintech, Web3, kiberxavfsizlik, smart living va raqamli ko‘ngilochar yo‘nalishlarni rivojlantiradi, shuningdek, startaplarga inkubatsiya, akseleratsiya, moliyalashtirish va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini taqdim etadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hub-to-hub hamkorlikni davom ettirish, biznes missiyalarini tashkil etish, kompaniyalarning O‘zbekiston va Gonkong bozorlariga o‘zaro chiqishini qo‘llab-quvvatlash hamda startap va texnologik kompaniyalar uchun qo‘shma imkoniyatlarni rivojlantirish niyatini tasdiqladi.
2026-09-23