IT Park Uzbekistan va Yaponiyaning Digital Knowledge Co., Ltd. kompaniyasi hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini, jumladan, Yaponiya texnologik kompaniyalari va investitsiyalarini O‘zbekistonga jalb qilish, mahalliy startaplarning Yaponiya bozoriga chiqishini qo‘llab-quvvatlash hamda malakali IT-mutaxassislarni tayyorlash masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda IT Park Uzbekistan bosh direktori maslahatchisi Abdulahad Kuchkarov hamda Digital Knowledge kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Hiroaki Haga ishtirok etdi. Muzokaralar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi biznes va ta’lim aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan hamkorlikning davomi bo‘ldi.
Digital Knowledge elektron ta’lim, raqamli ta’lim texnologiyalari va IT-kadrlarni rivojlantirishga ixtisoslashgan. Hamkorlikning muhim bosqichlaridan biri 2025-yil 12-may kuni Tokioda kompaniya negizida IT Park Uzbekistan vakolatxonasining ochilishi bo‘ldi.
Vakolatxona O‘zbekiston texnologik ekotizimini targ‘ib qilish, biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda mamlakat bozoriga kirishga qiziqish bildirayotgan Yaponiya kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashmoqda.
2026-yilda IT Park Uzbekistan Tokiodagi vakolatxonasi orqali Yaponiya biznes vakillari uchun seminarlar va axborot sessiyalarini tashkil etib, ishtirokchilarni O‘zbekistonning IT-ekotizimi, investitsiya imkoniyatlari, biznes yuritish sharoitlari hamda mamlakatda faoliyat boshlashning afzalliklari bilan tanishtirdi.
Muzokaralar davomida tomonlar kelgusidagi hamkorlikning uchta asosiy yo‘nalishini belgilab oldilar:
Yaponiya IT-kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish. Tomonlar Yaponiya kompaniyalarini jalb etish va ularning mahalliy bozorga kirishini qo‘llab-quvvatlashni maqsad qildi.
O‘zbekiston startaplarining Yaponiya bozoriga chiqishi. Startaplarning xalqaro miqyosda kengayishi, biznes aloqalarini o‘rnatishi va salohiyatli hamkorlarni topishi uchun yangi imkoniyatlarni rivojlantirish rejalashtirilmoqda.
Yirik investitsiya loyihalarini jalb qilish. Data-markazlar va robototexnika kabi strategik texnologik yo‘nalishlarga Yaponiya investitsiyalarini jalb etish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvning alohida mavzularidan biri 2020-yil dekabr oyida Digital Knowledge tomonidan Toshkentda tashkil etilgan Japan Digital University (JDU) faoliyatini rivojlantirish bo‘ldi. Bugungi kunda universitet talabalari soni 700 nafardan oshgan bo‘lib, bu ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlik kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Tomonlar, shuningdek, O‘zbekistonda yapon tilini biladigan mutaxassislar sonini oshirish va Yaponiya kompaniyalarini jalb qilish orqali ular uchun yangi ish imkoniyatlarini yaratish masalalarini muhokama qildilar. Xususan, Yaponiya bozori ehtiyojlariga mos kadrlar tayyorlash dasturlari, jumladan, amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim, kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish va yapon tilini o‘rganish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
IT Park Uzbekistan va Digital Knowledge o‘rtasidagi keyingi hamkorlik Yaponiya texnologik biznesining O‘zbekistondagi ishtirokini kengaytirish, mahalliy startaplarni xalqaro bozorlarga olib chiqish hamda qo‘shma loyihalar uchun malakali kadrlar salohiyatini shakllantirishga qaratiladi.
2026-10-09