IT Park Uzbekistan Bosh direktori Azamat Karamatov East Telecom kompaniyasi rahbari Park Sezoo boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Tomonlar data-markazlarni rivojlantirish, sun’iy intellekt sohasida mutaxassislar tayyorlash hamda O‘zbekiston startaplarining KT Corporation dasturlarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
East Telecom — 2003-yildan buyon O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan va Janubiy Koreyaning KT Corporation guruhi tarkibiga kiruvchi telekommunikatsiya va raqamli infratuzilma kompaniyasi. KT Corporation 2007-yilda East Telecom’ni sotib olgan, 2013-yilda esa kompaniyaning asosiy aksiyadoriga aylangan. East Telecom statsionar va simsiz internet, korporativ aloqa, ajratilgan ma’lumot uzatish liniyalari, telefoniya, VPN va 4G LTE xizmatlarini taqdim etadi, shuningdek, bulutli infratuzilma va raqamli transformatsiya yechimlarini rivojlantiradi.
2020-yilda East Telecom’ning EVO bilan birlashishi hamda 2021-yilda TPS internet-provayderining integratsiya qilinishi natijasida kompaniyaning telekommunikatsiya va raqamli infratuzilma sohasidagi imkoniyatlari kengaydi. Kompaniya faoliyatining strategik yo‘nalishlaridan biri O‘zbekiston va Markaziy Osiyo raqamli iqtisodiyotining o‘sib borayotgan ehtiyojlariga yo‘naltirilgan data-markazlarni rivojlantirish hisoblanadi.
Uchrashuv davomida data-markazlar va sun’iy intellekt uchun infratuzilmani rivojlantirish sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar O‘zbekistonda zamonaviy elektr ta’minoti, sovitish va data-markazlarni boshqarish texnologiyalaridan foydalangan holda AI yo‘nalishidagi infratuzilmani rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Yana bir muhim yo‘nalish sun’iy intellekt sohasida mutaxassislar tayyorlash bo‘ldi. O‘zbekistonlik mutaxassislar va startaplarga East Telecom’ning bosh kompaniyasi — KT Corporation tomonidan tashkil etiladigan AI Certification dasturidan foydalanish imkoniyatini taqdim etish masalasi muhokama qilindi. Dastur Physical AI, AI-agentlar, bulutli texnologiyalar va raqamli transformatsiya yo‘nalishlarini qamrab olishi hamda O‘zbekistonda amaliy AI kompetensiyalarini rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston startaplarining KT Corporation tomonidan amalga oshirilayotgan K-PATH 2027 akseleratsiya tashabbusida ishtirok etish imkoniyatlarini muhokama qildi. Xususan, istiqbolli texnologik kompaniyalarga saralashdan o‘tish va Startup Acceleration hamda Open Innovation dasturlarida qatnashish, KT ekspertizasidan foydalanish va xalqaro korporativ hamkorlar bilan aloqalarni rivojlantirish imkonini beruvchi mexanizmni yaratish masalasi ko‘rib chiqildi.
East Telecom rahbari Park Sezoo kompaniyaga 2026-yil mart oyidan buyon rahbarlik qilib kelmoqda va KT Corporation’da ko‘p yillik ish tajribasiga ega. Uning professional tajribasi global biznesni rejalashtirish, xorijiy investitsiyalar va xalqaro bo‘linmalarni boshqarish, shuningdek, qayta tiklanuvchi energetika va smart energy sohalaridagi loyihalarni rivojlantirishni qamrab oladi.
Muhokama qilingan yo‘nalishlar IT Park Uzbekistan, East Telecom va KT Corporation o‘rtasida AI infratuzilmasi, kadrlar tayyorlash va texnologik startaplarning xalqaro akseleratsiyasi bo‘yicha kelgusidagi hamkorlik uchun asos bo‘lishi mumkin.
2026-09-10